Ma'lumki, malakatimizda o'tgan oy mahalla fuqarolar yig'ini raisi (oqsaqoli) saylovlari bo'lib o'tdi. Viloyatimizda ham mavjud 1020 ta mahalla o'zini o'zi boshqarish idoralarining raislari katta uyushqoqlik va aholining yuksak faolligida saylandi.
Ayni vaqtda yangi saylangan mahalla raislarini ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalardagi bilimlarini yanada oshirish, bugungi islohotlar mazmun-mohiyatidan xabardorlik darajasini yuksaltirish yuzasidan o'quv seminarlar tashkil etilmoqda.
Huddi shunday hududiy muloqot ayni kunlarda Chirchiq shahridagi viloyat davlat pedagogika institutida o'tkazilmoqda.
Anjumanda mahalla tizimining tashkiliy-huquqiy asoslari, raislarning asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, mahalladagi beshlik (rais, hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori)ning o'zaro yakdillikda ish yuritishining tashkiliy va amaliy jihatlariga e'tibor qaratilmoqda.
E'tiborlisi, bugun mazkur seminar ishida Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzaev ishtirok etib, yangi saylangan mahalla raislarining faoliyatiga doir ko'plab tashkiliy-amaliy jihatlar bo'yicha o'z fikr va takliflari, tavsiyalarini bayon etdi.