Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Viloyat hokimi G‘.Ibragimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi Tabrik so‘zi

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Qadrli mehmonlar, tantanali marosim ishtirokchilari!

Ayni kunlarda butun mamlakatimiz bo‘ylab xalqimiz hayotidagi muhim va shonli sana — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi katta tantanalar bilan nishonlanmoqda.
Shu fursatdan foydalanib, Siz azizlarni, butun viloyatimiz ahlini, mustaqilligimizni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shayotgan kattayu-kichik hamyurtlarimizni milliy davlatchiligimiz asosi, huquq va erkinliklarimizning mustahkam kafolati bo‘lgan Bosh Qomusimiz qabul qilingan kun bilan chin qalbimizdan, samimiy tabriklaymiz.
Barchamizga yaxshi ayonki, mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bosh qomusimiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro hujjatlar talablariga to‘la mos holda, inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini kafolatlab berdi. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati yuksalishiga, hayotimizning barcha sohalarida amalga oshirilgan samarali islohotlarga asos bo‘ldi.
Yaxshi tushunamizki, har qanday qonunning qadri va kuchi unga amal qilish darajasi bilan o‘lchanadi. E’tiborli jihati, Bosh Qomusimiz asosida milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi.
Davlatimiz rahbari, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida Asosiy qonunimiz talablarini to‘liq amalga oshirish uchun 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha “Harakatlar strategiyasi” hayotimizga izchillik bilan tadbiq etilayotganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz. Mazkur hujjat mohiyat e’tiboriga ko‘ra, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tizimli islohotlarning “yo‘l xaritasi”ga aylandi, desak aslo xato bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, ushbu harakatlar natijasida davlat hokimiyati tizimida mutlaqo yangi institut – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi.
Ushbu tuzilmalar barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining fuqarolar bilan hamkorlik qilish, aholining eng dolzarb muammolarini hal etishning samarali tizimiga aylandi. Hokimiyatning xalq saylagan vakillik organlari – parlament, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va ahamiyati tubdan o‘zgardi.

Qadrli bayram tadbiri ishtirokchilari!

Poyoniga yetib borayotgan 2018 yil har qancha sinov va mashaqqatlar bilan kechayotgan bo‘lmasin, bugun biz serquyosh diyorimizda tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhiti barqaror ekanini katta mamnuniyat va shukronalik bilan tilga olishimiz tabiiydir. Negaki, milliy taraqqiyotimizning eng muhim va ustuvor jabhalarida hayotga tadbiq etilayotgan islohotlar mevalaridan bahramand bo‘layotgan xalqimizning ertangi kunga, davlatga, siyosatga ishonchini mustahkamlamoqda.
Shu ma’noda, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” o‘z mohiyatiga ko‘ra, mamlakatimiz iqtisodiyotining jon tomiri bo‘lgan xususiy biznes vakillari faoliyatida misli ko‘rilmagan darajada burilish pallasi bo‘ldi.
Tadbirkorlikka shunchalar tashkiliy-huquqiy, moddiy-ma’naviy sharoitlar yaratildiki, faqat mehnat qilish, izlanish, sohaga innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni olib kirish qoldi, xolos. Issiqxona xo‘jaligimi, baliqchilikmi, asalarichilikmi, yo sanoat tuzilmasini, yakka tartibdagi tadbirkorlik, oilaviy korxona, xususiy korxona, qo‘shma korxona shaklidami, marhamat — har qanday to‘siq va sansolarlikka barham berildi.
Eng muhimi, xususiy mulkning miqdori va qiymati cheklanmaydigan bo‘ldi. Mulkdor huquqlarining ustuvorligi ta’minlandi. Ya’ni, mulkdorning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida mulkdor huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilayapti.
Zotan, Konstitutsiyamizning 53-moddasiga ko‘ra, “xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir”. Bugun hech mubolag‘asiz aytish mumkin – harakat qilgan odamlar borki, hayot va mehnat zavqi, manfaatdorlik va minnatdorlik hissi bilan yashamoqdalar.
O‘rni kelganda, shuni ham mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, ayni kunlarda, butun viloyatimiz ulkan bunyodkorlik, qurilish va yangilanishlar maydoniga aylandi. Quvonchimiz shundaki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning beqiyos e’tiborlari va g‘amxo‘rliklari bilan viloyatimizda olib borilayotgan katta hajmdagi yangilanishlar jarayonida bevosita ishtirokchi bo‘lib, shu vazifalarga daxldorlik hissi bilan yashayapmiz.
Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimiz tez-tez viloyatimizga tashrif buyurib, siz bilan biz, butun viloyatimiz mehnatkashlari olib borayotgan ishlarni munosib baholab, o‘zlarining qimmatli maslahat va tavsiyalarini berib turibdilar.
Mana shu e’tibor tufayli yillar davomida yig‘ilib qolgan turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolar barham topib, aholi farovonligi yo‘lida xizmat qiluvchi ko‘plab loyihalar ro‘yobi sari dadil qadamlar qo‘yilmoqda.
Shu o‘rinda e’tiboringizni ayrim raqamlarga qaratishni istardim.
Avvalambor, ijtimoiy ximoyaning muhim kafolati bo‘lgan yangi ish joylari yaratish, odamlarni muqim daromad manbaiga ega qilish borasidagi ishlarimizni tubdan qayta ko‘rib chiqib, barcha yo‘nalishlarda ko‘lamli dasturlarning hayotga tadbiq etilishi orqali joriy yilning o‘tgan davrida qariyb 20 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etishga muvaffaq bo‘lindi.
Bu jarayonda 2017-2021 yillarda Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan jami qiymati 13 trillion 628 mlrd. so‘m miqdoridagi 488 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz muhim o‘rin tutmoqda.
Ta’kidlash joizki, viloyat mutasaddilarining yaqin va uzoq xorijiy davlatlarga, xususan, Rossiya, Belorussiya, Koreya, Xitoy mamlakatlariga amaliy tashriflari doirasida umumiy qiymati 1,5 mlrd. dollar bo‘lgan 42 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish yuzasidan tegishli kelishuvlarga erishildi. Qo‘shni mamlakatlar bilan manfaatli aloqalarimiz tobora mustahkamlanib borayotgani ham xalqimiz ruhini ko‘tarib, barcha yo‘nalishlardagi ishlarimizga alohida ko‘lam va mazmun bag‘ishlamoqda.
Odamlar roziligiga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizning yana bir muhim bo‘g‘ini — aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlashga qaritilayotganidan yaxshi xabardorsiz, deb o‘ylayman. Darhaqiqat, yon-atrofimizda mehnatga layoqatlilik darajasi cheklangan insonlar, kam daromadli, ehtiyojmand oilalar bor. Binobarin, ular ham mana shu obod vatanda hech kimdan kam bo‘lmay, baxtli hayot kechirishga to‘la haqlidirlar.
Inson hayotdan qachon rozi bo‘ladi? Qachonki, u o‘z uyiga ega bo‘lsa, oilasi bilan tinch-totuv yashasa. Mamlakatimizda olib borilayotgan siyosat va islohotlar mohiyati, avvalambor, kuchli ijtimoiy himoyaga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
E’tiborli jihati, endilikda uy-joyga ehtiyojmandlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, ularni uy-joy bilan ta’minlashning mutlaqo yangi tizimi joriy qilindi. Masalan, yakuniga yetib borayotgan yilning o‘zida 7 ming 151 ta namunaviy, xizmat, idoraviy uy-joylar va ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar qurilishi rejalashtirilib, shulardan 5 mingdan ortig‘i foydalanishga topshirildi.
O‘z navbatida, shuni ham ta’kidlashni istardimki, bu borada hali qilishimiz kerak bo‘lgan ishlarimiz juda ko‘p, belgilab olgan maqsad va rejalarimiz ham nihoyatda katta. O‘ylaymanki, barchamiz qo‘lni-qo‘lga berib, belimizni mahkam bog‘lab, muhtaram Yurtboshimiz oldimizga qo‘ygan mana shunday xayrli vazifalarni to‘liq, bekamu ko‘st amalga oshiramiz.
Natijada ko‘plab oilalarga chinakam quvonch, chinakam baxt sururi kirib boradi.
Bundan tashqari, joriy yil yakuniga qadar 200 ga yaqin ijtimoiy soha ob’ektlarida qurilish va ta’mirlash ishlari poyoniga yetib, xalqimiz xizmatiga topshiriladi.
Shuningdek, 260 km ichki va 291 km umumfoydalanishdagi yo‘llarni ta’mirlash va qurish to‘liq nihoyalanadi. E’tiborlisi, bu boradagi ishlarimiz hajmi o‘tgan yildagiga nisbatan 20 foizga ko‘pdir.
Aholi salomatligini saqlash, ta’lim-tarbiya, hech shubhasiz, bugungi xalqchil siyosatning ustuvor yo‘nalishidir.
Tan olib aytaylik, farzandlarimiz kamoli, yurtimiz va xalqimizning porloq istiqboliga xizmat qiluvchi ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlar hech qachon bu qadar yuqori pog‘onaga olib chiqilmagan edi.
Muhtaram Prezidentimizning bevosita e’tibori va jonkuyarliklari bilan, o‘tgan qisqa fursatda sohaga oid o‘nlab farmon va qarorlar, muhim me’riy hujjatlar qabul qilindi va ularning izchil ijroga yo‘naltirilishi soha oldidagi muayyan to‘siq va muammolarni yechish, uni zamonaviy talablar asosida rivojlantirishda mustahkam zamin bo‘ldi. Sohaga yangi tartib-taomillar kirib kelmoqda. “Davlat-xususiy sherikligi” degan tushuncha shular jumlasidandir. Hozirning o‘zida yangi tashkil etilgan Maktabgacha ta’lim vazirligi kesimida talay shunday tuzilmalar paydo bo‘ldi va amalda muvaffaqiyatli ishlamoqda.
Darhaqiqat, farzandlarimizni ta’lim-tarbiyaning asosiy poydevori bo‘lgan maktabgacha ta’limga qamrab olish imkoniyatlarini oshirish borasida bu yil tarixiy burilish davri bo‘ldi, desak xato qilmaymiz. Joylarda 200 dan ortiq nodavlat va davlat xususiy sherikchilik asosida maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish rejalashtirilgani, ularning aksari allaqachon bunyod etilib, bolajonlarimizga quchoq ochgani fikrimizning yaqqol tasdig‘i bo‘la oladi.
Darhaqiqat, ta’lim tizimidagi mavjud muammolar butun xalqimizning, jamiyatimizning dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Ularni imkon qadar tezroq, bosqichma-bosqich bartaraf etish ham barchamizning eng birinchi galdagi vazifamizga aylanishi zarur.
Bugungi kunda viloyatimizdagi jami 869 ta umumta’lim maktabining 627 tasi qishloq hududlarida joylashgan. Ulardagi shart-sharoitlarni yaxshilash, farzandlarimizning hech kimdan kam bo‘lmay, munosib ta’lim-tarbiya olishlarini ta’minlash uchun bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Bu jarayonda, birinchi galda, maktablarimizni malakali o‘qituvchi kadrlar bilan to‘ldirish, o‘qituvchi maqomini yuksaltirish, ta’lim dargohlariga erkak o‘qituvchilarni qaytarish haqida bosh qotirishimiz shart. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, yangi o‘quv yilidan boshlab 225 nafar oliy o‘quv yurti bitiruvchilari ishga qabul qilindi.
Umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘rta-maxsus ma’lumotli pedagoglarning 1200 nafardan ortig‘i oxirgi ikki yil ichida oliy ta’lim dargohlarining maxsus sirtqi bo‘limlarga o‘qishga qabul qilindi.
O‘qituvchilarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida xalq ta’limi tizimida faoliyati olib borayotgan fidoiy, tajribali, o‘quvchilari fan olimpiadalari va nufuzli tanlovlarda g‘olib bo‘lgan 100 nafar o‘qituvchiga boshlang‘ich badalini mahalliy hokimliklar va homiylar tomonidan qoplagan holda uy olib berish tashabbusini boshlaganmiz va bu xayrli ishni, albatta, oxiriga yetkazamiz. Bu maqsadlarning barchasi Bosh Qomusimizda belgilanganidek, har kimning sifatli ta’lim olish huquqi, umumiy o‘rta ta’limning davlat tomonidan kafolatlanishining amaldagi ifodasidir.
Bosh Qomusimizga ko‘ra, jamiyatda har kimga sifatli va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari yaratilishi shart. Keyingi paytlarda yurtimizda tibbiy sohadagi inqilobiy o‘zgarishlarni mana shu konstitutsion huquqlarimizning amalda ta’minlanishiga qaratilgan harakatlardir, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu yilning o‘zida viloyatimizda 70 ta yangi xususiy klinika barpo etilib, 20 tasining faoliyati kengaytirilgani, viloyat onkologiya dispanseri tarkibida yangi bo‘lim ish boshlagani, Bekobod, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Bo‘stonliq, Bo‘ka tumanlari tibbiyot birlashmalarining imkoniyatlari yangi bo‘limlar hisobiga oshirilgani, Olmaliqda 90 o‘rinli bolalar shifoxonasi tubdan rekonstruksiya qilinib, ishga tushirilgani aholi salomatligini saqlash borasidagi islohotlarning hayotiy ifodasi bo‘ldi.
Poyoniga yetib borayotgan yil viloyatimizda agrar sohada, fermer va dehqonlarimiz, umuman, qishloq mehnatkashlari hayotida ancha mashaqqatli va sinovli kechdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Aslida, dehqon uchun qulay va oson kelgan yilning o‘zi yo‘q. Ayniqsa, bu yilgi mavsum hammamiz uchun o‘ziga xos qiyinchilik va murakkabliklar tug‘dirgani, iroda va matonatimizni yana bir bor sinovdan o‘tgazgani bor gap.
Ko‘klam haroratining me’yordagidan ancha past kelgani, mavsum mobaynida kuchli jala va do‘l yoqqani, turli kasalliklarga qarshi kurashishga to‘g‘ri kelgani, suv taqchilligi kuzatilgani barchamizga yaxshi ma’lum. Qiyinchiliklarga qaramay, ko‘p yillik tajribaga tayanib, ishga mas’uliyat va javobgarlik hissi bilan yondoshgan viloyatimiz g‘allakorlari vatanimiz g‘alla xirmoniga 345 ming 466 tonna sara don yetkazib berib, shartnomaviy rejani ancha ortig‘i bilan bajarganliklari barchamizni cheksiz quvontiradi.
Shu bilan birga bu mavsum hali-hanuz agrar sohada ko‘plab muammo va qoloqliklar borligini, barcha kuch va imkoniyatlarimizni mana shu yo‘nalishlardagi masalalarni ham tezkor bartaraf etishga yo‘naltirishimiz lozimligini ko‘rsatdi. Bu jarayonda, birinchi galda fermerlarimizning mas’uliyat va mehnatga munosabatini tubdan o‘zgartirishimiz lozimligini, o‘ylaymanki, ortiqcha izohlab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak.
“Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar — kelajagimiz” kabi ko‘lamli dasturlar ijrosi yuzasidan qilinayotgan ishlar ko‘lamini aytib, tugatib bo‘lmaydi. Binobarin, bu dasturlar ilgari hatto tasavvur ham qilish qiyin bo‘lgan ulkan vazifa va mas’uliyatlarni oldimizga qo‘yayotganini barchamiz yaxshi anglab, his qilib turibmiz.
Bularni ta’kidlashdan maqsad shuki, viloyatimizda xalqimizning ertangi farovon hayoti, turmush darajasini oshirish yo‘lida chindan ham katta harakatlar qilinayapti. Eng muhimi, biz bu boradagi ishlarni izchil davom ettirib, haqiqatdan ham xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga sidqidildan xizmat qilishini amalda ta’minlaymiz. Binobarin, xalqimiz shu kunlarda shodu hurramlik bilan tantana qilayotgan Asosiy Qonunimizning 7-moddasida aniq-tiniq qilib, “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir”, deb yozib qo‘yilgan.
Hamisha tinchlik va osoyishtalikni qadrlab, erkin va obod hayotni o‘zining baxti va taqdiri, deb bilgan viloyatimizning mehnatkash aholisi Vatanimizni yanada gullab-yashnashi uchun o‘z oldiga qo‘yilgan barcha vazifalarni dadil, mardonavor amalga oshira oladi. Biz bunga, albatta, ishonamiz.

Aziz do‘stlar!

So‘zimning yakunida barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ishlaringizda ulkan zafarlar tilab qolamiz.
Yurtimiz hamisha tinch, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin!
Bosh Qomusimiz — Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun barchamizga muborak bo‘lsin!

E’tiboringiz uchun rahmat!