Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Viloyat hokimi G‘.Ibragimovning 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan marosimdagi Tabrik so‘zi

Assalomu alaykum, aziz mehmonlar!
Qadrli do‘stlar !

Bugun ushbu dargohda Sizlar bilan uchrashib, diydorlashib, bugungi kunimiz, ertangi istiqbolli rejalarimiz haqida suhbatlashish, Sizlarning orzu-umidlaringiz, intilish va maqsadlaringizni ko‘rish, bugungi quvonchli kuningizga sherik bo‘lish menga juda katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Inson bu dunyoga, eng avvalo, baxtli yashash uchun keladi. Biroq, o‘z ezgu maqsadlarini dilga jo qilib, ularning ro‘yobi uchun kurashib yashash, bor kuch va irodasi, tafakkurini ana shu maqsad yo‘lida safarbar etish, kuchli ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘usi bilan yashash har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Shu ma’noda, Yaratgan ato etgan tafakkurni, botiniy kuch-qudratini ana shu ezgu yo‘lda sarflab, diyorimizning gullab-yashnashi, yanada taraqqiy topishi yo‘lida sidqidildan hissa qo‘shib kelayotgan Siz kabi yengilmas iroda sohiblarining jasorat va matonati barchamiz uchun hamisha ibrat bo‘lib keladi, desak haq gapni aytgan bo‘lamiz.
E’tiborlisi, mamlakatimizda imkoniyati cheklangan kishilarga ko‘maklashish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, imkon darajasida mehnatga jalb etish, hayotimizning barcha jabhalarida ishtirok etishlariga erishish hamda haq-huquqlarini himoya qilish borasida doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, hayot sifatini yaxshilash tizimini takomillashtirish, ta’lim olish va ishga joylashishda har tomonlama ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda.
Xalqimizga xos bo‘lgan mehr-shafqat va bag‘rikenglik bilan, Siz azizlarning muhim hayotiy ehtiyoj va talablaringizga alohida e’tibor qaratishni biz o‘z olidimizdagi eng katta vazifa deb hisoblaymiz. Taqdirning har qanday zarbalariga munosib javob berib, kuch va irodasiga tayanib, faqat ezgulik yo‘lida olg‘a intiladigan insonlarga dalda bo‘lish, ularning yonida turish, hayotini mazmunli qilishga, umrini uzaytirishga qo‘limizdan kelganicha hissa qo‘shish, ularga nafaqat mana shunday bayram kunlarida, balki har kuni, har soatda g‘amxo‘rlik va mehribonlik ko‘rsatish barchamiz uchun, avvalambor, rahbarlar uchun ham qarz, ham farz ekanini unutmasligimiz kerak.

Aziz do‘stlar!

Bugungi shukuhli sananing har gal mamlakatimizda keng nishonlanadigan qutlug‘ bayram, xalqimiz hayotidagi muhim va shonli sana bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafalarida nishonlanishida ham qandaydir bir ramziy uyg‘unlik bo‘lsa kerak.
Negaki, Bosh qomusimiz, eng avvalo, inson huquqlari, uning haqqoniy manfaatlari, shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini kafolatlab berdi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 13-moddasida “...inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati, boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, deb belgilab qo‘yilgan.
Xususan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar va yangilanishlar zamirida ana shu umuminsoniy tamoyillar mujassam.
Ushbu tamoyillarning amalda ta’minlanishi inson huquq va manfaatlarining hayotiy ifodasidir.
Xuddi shuningdek, mamlakatimizda, xususan, viloyatimizda aholiga, jumladan, uning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik asosi ham mana shunday qomusiy kafolatlar zamiriga qurilgan.
Agar bir-ikki misollarga murojaat qilish joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, shu yilning o‘zida byudjet mablag‘lari, homiy va hamkor tashkilotlar ko‘magida jismoniy imkoniyatlari cheklangan fuqarolarimiz 533 dona aravacha, 100 ga yaqin eshitish apparatlari, ko‘plab tayanch va harakat jihozlari bilan ta’minlandilar. Shuningdek, 700 nafardan ziyod murojaat qiluvchilarga protez-ortopediya moslamalari yetkazib berildi.
Shuningdek, pensioner, kam ta’minlangan oilalarda istiqomat qiluvchi va nogironligi bo‘lgan shaxslarning 2 ming 128 nafariga viloyat, 4 ming 262 nafariga respublika miqyosidagi davolash-profilaktika muassasalarida davolanish uchun yo‘llanmalar berildi. O‘ylaymanki, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimiz bundan buyon ham ko‘lam va muntazamlik kasb etib boraveradi.

Qadrli mehmonlar!

Biz, barchamiz bu hayotni e’zozlab, umrini benazir ne’mat bilib, hamisha yaxshilikka yuzlanib, o‘z maqsad va muddaolari yo‘lida intilib, shukronalik bilan yashayotgan Siz azizlarga yuksak hurmat va ehtiromimizni bildirishdan benihoya mamnunmiz.
Fursatda foydalanib, bugungi shukuhli sana bilan yana bir karra qutlar ekanmiz, barchangizga sihat-salomatlik, uzoq umr, barkamol kuch-quvvat, yengilmas iroda yor bo‘lishini tilaymiz.