Ma'lumki, endokrin kasalliklar orasida qandli diabetga qarshi kurashish endokrinologiyaning dolzarb vazifasidir. Hozirda viloyatda ko'plab insonlarda qandli diabet qayd etilgan. Shu bois so'nggi yillarda viloyatda sog'liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ushbu kasallik bilan og'rigan bemorlarni erta aniqlash va uni davolash bo'yicha chora-tadbirlar kuchaytirilgan.
Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan birgalikda tuman-shahar tibbiyot birlashmalaridagi “Profilaktika maktablari”da bemorlar va ularning oila a'zolariga endokrin kasallikni boshqarish usullari hamda kasallik bilan birga yashash tarzi o'rgatildi. Qandli diabetga chalingan bemorlarning zamonaviy nazorati (onlayn registr) tizimini joriy etish orqali har bir bemor holatining monitoringi yuritilmoqda.
Shuningdek, 22 ta shaxar tumandagi 38 nafar endokrinologlar 1000 ga yaqin patronaj hamshiralar va oilaviy shifokorlar endokrin kasalliklarning oldini olish, erta tashxis va davolash bo'yicha ikki haftalik, endokrinolog shifokorlarni qayta tayyorlash uchun uch yarim oylik o'quv kurslari tashkil etildi. YA'ni, endokrin kasalliklari bor oilalarga maxsus tayyorgarlikdan o'tgan potranaj hamshirasi biriktirilmoqda.
40 yoshdan oshgan aholi har yili qandli diabet va diabetoldi holatlari uchun maqsadli skriningdan o'tkaziladi. Buning uchun tibbiyot brigadalari zarur glyukometr va bir martalik test yaproqchalari hamda ignalari bilan ta'minlanmoqda.
Ma'lumot o'rnida aytish mumkinki, Toshkent viloyati bo'yicha so'rovnoma asosida skrining qilingan aholi soni joriy yilda 385 ming 872 (19,4%) tashkil etmoqda, shundan laborator tarzda 279 ming 713 nafarda qand miqdori o'lchangan.
Shu bilan birga zaruriy tibbiy jihozlar bilan ta'minlashga ham alohida e'tibor qaratilgan bo'lib, 34 turdagi 58 ta asbob-uskunlar bilan keltirilmoqda. Mazkur ishlar uchun dastlab, 1 milliard so'mdan ortiq mablag'lar yo'naltirildi.
Eng muhimi, aholiga sog'lom turmush tarzi va to'g'ri ovqatlanish hamda jismoniy faollik har qanday kasallik, jumladan, endokrin kasalliklarning oldini olishning asosiy sharti ekani mutaxassislar tomonidan aholiga tushuntirilmoqda