Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Ayni vaqtda Bo'stonliq tumanida barpo etilayotgan yirik “Pskom GES”ining 1-to'siq darvozasi yopilishi munosabati bilan tadbir bo'lib o'tmoqda

e3.jpg

Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati hamda “O'zbekgidroenergo” AJ bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur marosimda soha mas'ullari hamda o'ndan ortiq xorijiy mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Aytish joizki, O'zbekiston Respublikasining tabiiy suv oqimlari va suv xo'jaligi ob'ektlarida “O'zbekgidroenergo” AJ tomonidan yangi gidroelektrostantsiyalar qurish bo'yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to'g'risida”gi PQ-2947-son Qaroriga asosan uzunligi 73 km bo'lgan Pskom daryosida umumiy quvvati 1 320 MVt va yillik o'rtacha ishlab chiqarishi 3 140 mln kVt soat bo'lgan 5 ta yirik GES qurish ko'zda tutilgan.

eee3.jpg

Shulardan biri “Pskom GES” hisoblanadi. Mazkur GES yirik ob'ektlardan biri bo'lib, Toshkentdan shimoli-sharqda 120 km masofada, Chorvoq suv omboridan 45 km tepada joylashgan.

“Pskom GES”ning elektr energiya imkoniyati 400 MVtni tashkil etadi. Kattaligi bo'yicha “Chorvoq GES”dan keyingi ikkinchi o'rinda turadi.
GES yiliga 950 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va elektr energiya etkazib beruvchi eng kerakli manba hisoblanadi.

Pskom daryosi gidro salohiyatidan foydalanish maqsadida texnik iqtisodiy asosnoma dastlab 1987 yilda ishlab chiqilgan.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 oktyabrdagi 147-son va 2018 yil 22 noyabrdagi 46-son yig'ilish bayonnomalariga asosan loyiha qidiruv-tadqiqot va dastlabki qurilish-montaj ishlari boshlandi.

eeee2.jpg

Mazkur loyiha qidiruv-tadqiqot ishlari “Gidroproekt” AJ tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan mahalliy va xorijiy tashkilotlar tomonidan olib borilgan.
“Pskom GES”ning qurilish maydoni geologik sharoitlari murakkabligi, yirik inshootlar qurilishi rejalashtirilganligini inobatga olib, 2018 yil 24-26 sentyabr kunlari Rossiya va Ukraina davlatlarining gidroenergetika sohasidagi etakchi geolog-mutaxassislarini jalb qilgan holda “Pskom GESni loyihalash va qurish xususiyatlari” bo'yicha xalqaro texnik konferentsiya o'tkazilgan edi. Unda loyihaning geologik asosnomasi va geologik qidiruv materiallari Rossiyaning “Lengidroproekt” AJ tomonidan qayta ko'rib chiqilgan.

ee3.jpg

Shu bilan birga, “B.E. Vedeneeva nomidagi VNIIG” AJ Gruntlarni statik tadqiqot laboratoriyasi tomonidan loyiha doirasida olingan grunt namunalari uch o'qli siqish qurilmalarida sinovdan o'tkazilgan.

Sinov ishlari natijalariga ko'ra, “Lengidroproekt” AJ tomonidan “Pskom GES”ning asosiy inshootlari joylashgan hududlarning geologik sharoiti bo'yicha 2018 yil dekabr oyida xulosa taqdim etildi.

Shu bilan birga, Moskvaning “Institut Gidroproekt” AJ mutaxassislari qo'shimcha geologik-tadqiqotlarni uslubiy boshqarish va yangi olingan materiallarni qayta ishlash uchun jalb qilindi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining “Ingeoproekt” MChJ tashkiloti tomonidan Pskom daryosi tubida burg'ulash ishlari olib borildi.

Aytish lozimki, “Pskom daryosida
Pskom GESni qurish” investitsiya loyihasi doirasida qabul qilingan texnik echimlar bo'yicha “Tractebel Engineering GmbH.” (Germaniya) xalqaro injiniring kompaniyasining ijobiy xulosasi olingan.

Pskem suv ombori to'la hajmda 511,2 mln. m3 suvni tashkil qilib, undan olinadigan samarali suv kubi esa 468,9 mln. m3 ni tashkil qiladi. Pskom daryosida ushbu GES qurilishi mamlakatimizda yoqilg'i energetika resurslarining samarali saqlab qolinishini ta'minlaydi.

GES quvvati yiliga 300 ming tonna shartli yonilg'i o'rnini bosadi. Bu bilan 250 mln.m3 tabiiy gazni tejab qolish mumkin.

Mazkur yirik qurilish, o'z navbatida, shu hududda yashovchi aholining turmush sharoitlarining ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o'sishiga ham turtki bo'ladi. Qishloqda zamonaviy muhandislik va ijtimoiy infrastruktura yaratilishiga olib keladi.