Ma'lumki, bu yil o'zbek futboliga asos solinganiga 110 yil to'ladi. Ayni paytda shu munosabat bilan joylarda mazkur sanaga bag'ishlangan tadbirlar bo'lib o'tmoqda.
Xususan, bugun O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi futbol faxriylari, futbol rivojiga ulkan hissa qo'shgan mutahassislar Nurafshon shahrida ko'tarinki kayfiyatda kutib olindi.
Delegatsiya a'zolarini viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzaev qabul qildi.
Uchrashuv davomida viloyatning futbol tarixi, rivoji, millionlar o'yinining istiqboldagi taqdiri xususida fikr yuritildi.
Shu kuni mehmonlar Yuqori Chirchiq tumanidagi "Do'stlik" markaziy o'yingohi o'rnida qayta tiklanayotgan O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O'zbekiston milliy terma jamoasi bazasining qurilish ishlari, tuman sport maktabida mazkur sana munosabati bilan tashkil etilgan futbol musobaqalari hamda viloyatdagi yirik futbol stadionlarini ham ko'zdan kechirishdi.
Shuningdek, o'zbek futboli rivojiga munosib hissa qo'shgan viloyatdagi faxriy va nomdor futbolchilar holidan xabar olindi.
Ravshan Ermatov tomonidan mamlakatimizda futbol rivojiga qo'shgan hissasi uchun viloyat etakchisi Zoyir Mirzaevga hamda futbolni rivojlantirishga munosib hissa qo'shayotgan bir guruh faollarga O'FA ko'krak nishoni va esdalik sovg'alari topshirildi.
Tashrif asnosida mehmonlar Bekobod shahar markazida yangi barpo etilgan futbol akademiyasi faoliyati bilan ham tanishdilar.