Yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, iqtidorli bolalarni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish xalq ta'limi sohasidagi davlat siyosatining eng muhim yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.
Xususan, iqtidorli bolalarni aniqlash, ta'lim jarayonida ilg'or texnologiyalarni qo'llagan holda ularni o'qitish va tarbiyalash bo'yicha davlatimiz tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzaevning Bekobod shahar 19-sonli maktab hamda Bo'ka tumanidagi 1-sonli kasb-hunarga o'qitish markazida bir guruh faollar bilan tashkil etilgan suhbati ham ayni shu mavzuda bo'ldi.
Viloyat etakchisi mazkur muassasalar faoliyati bilan tanishdi. O'quv xonalarini ko'zdan kechirdi, soha mutasaddilari bilan suhbat qildi.
Muloqotda viloyatning 12 tuman va shaharida ko'zda tutilgan Prezident maktablarini tashkil etish, xususan, ushbu ta'lim muassasalarini ham Prezident maktabiga aylantirish yuzasidan fikr almashildi.
Jumladan, yotoqxona va oshxona binolarini qurish, kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, qurilish-ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish yuzasidan taklif va topshiriqlar berildi.
Ma'lumot uchun: Bekobod shahar 19-sonli maktab 2008 yilda foydalanishga topshirilgan bo'lib, 2021 yilda joriy ta'mirdan chiqarilgan. Bino quvvati 540 o'rinli bo'lib, 18 ta o'quv xonasi mavjud.
Shuningdek, Bo'kadagi 1-sonli kasb-hunar maktabi 1973 yilda qurilgan. 2003 yilda qayta rekonstruktsiya qilingan bo'lib, quvvati 670 o'rinli, 17 ta sinf xonasi mavjud.
Eslatib o'tamiz: viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruh Oqqo'rg'on, Quyi Chirchiq, Chinoz, Zangiota, O'rta Chirchiq, Parkent tumani hamda YAngiyo'l, Ohangaron, Angren shaharlarida ham maxsus ixtisostirilishi rejalashtirilgan ta'lim maskanlardagi shart-sharoit, masala va muammolarni o'rganadi.