Avval xabar qilganimizdek, Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzaevning viloyatda faoliyat yuritayotgan salohiyatli tadirkorlar, yirik eksportyor korxona rahbarlari hamda xorijiy investorlar ishtirokidagi ochiq muloqoti samarali o'tdi.
Xususan, o'tkazilgan ochiq muloqot davomida, avvalo, tadbirkorlarning noan'anaviy assotsiatsiyasi tashkil qilinib, rais saylab olindi. Bu an'ana har oy davom ettiriladigan bo'ldi. Eng asosiysi, muloqotlarda tadbirkorlar, investorlar uchun o'zaro fikr almashish, hamkorlik qilish muhiti yaratildi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Jumladan, xorijlik investorlar O'zbekistonda qishloq xo'jaligi, qurilish, shuningdek, ta'lim sohasidagi yutuqlarga qiziqish bildirish asnosida hozirda dunyodagi murakkab vaziyat sabab, Evropa bozorlarida oziq-ovqat tanqisligi sezilarli darajada ortganligi, shu bois, Toshkent viloyatidan ho'l, quruq mevalar, sabzavot hamda dukkakli mahsulotlarni zudlik bilan etkazish borasidagi takliflarni o'rtaga tashlashdi.
Bunga javoban, viloyat rahbari Zoyir Mirzaev bugungi kunda Toshkent viloyatining bu boradagi salohiyat va imkoniyatlari haqida ma'lumot berdi.
Shuningdek, bu yo'nalishdagi istiqbolli loyihalar, chunonchi, Ohangaron tumanida 1600 gektar er maydonida qishloq xo'jaligiga ixtisoslashgan klaster tashkil qilingani, uzum va kartoshkaning yangi navlari, olma, gilos, olxo'ri kabi mevalar etishtirilayotganligi, bundan tashqari, klaster tomonidan hududda 1000 gektar er maydonida tomchilatib sug'orish yo'li bilan anjir ekilayotganligi, yonidagi er maydonida dorivor o'simlik — kovrak etishtirish bo'yicha amaliy harakatlar boshlab yuborilganligi to'g'risidagi ma'lumotlar sarmoyadorlarda katta qiziqish uyg'otdi.
Parkent tumanida 8 ming gektar er maydonida vinochilikka mo'ljallangan uzum navlari eksport uchun tayyor holatga keltirilganligi xorijliklar e'tiborini tortdi.
Hindistonlik hamkorlar taklifiga ko'ra, shakarni import qilish evaziga Hindistonga dukkakli mahsulotlar etkazish rejalari ham ko'rib chiqildi.