Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Toshkent viloyati hokimi Davron Abdufattohovich Hidoyatovning “O'zbek tili bayrami” kuniga bag'ishlab o'tkazilgan tantanali marosimdagi tabrik so'zi

Assalomu alaykum aziz do'stlar, tilimiz fidoyilari!

Qadrli yoshlar, tadbir ishtirokchilari!

Avvalambor, Siz azizlarni bugungi quvonchli ayyom – O'zbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Hammamizga ma'lumki, O'zbekiston Respublikasining “O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida”gi Qonuni bilan 21 oktyabr – O'zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Xalqimizning asriy orzu umidlarini o'zida ifoda etgan bu bayram bugun yurtimizda asl milliy ayyomlardan biri sifatida keng nishonlanmoqda.

Albatta, dunyodagi eng qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan ona tilimiz xalqimiz uchun milliy o'zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyatdir. YAngi O'zbekiston Uchinchi Renessans ostonasiga qadam qo'yar ekan, biz uchun bu yo'lda eng katta kuch, ruhiy quvvat va ma'naviy shijoat manbai, eng avvalo, faxru-g'ururimiz ramzi bo'lgan ona tilimiz, uning betakror tarovati, ona allasidek yoqimli jozibasidir desak, aslo xato bo'lmaydi. Zotan, ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o'z so'zlarini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalarni yaratganlar.

Bugungi kunda er yuzida 7 mingdan ziyod til mavjud bo'lsa, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Shulardan biri bizning ona tilimiz ekani barchamizga g'urur va iftixor bag'ishlashi kerak.

Hozirgi vaqtda o'zbek tilida so'zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

O'zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug' maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo'lib maydonga chiqdi.

Katta avlod vakillari yaxshi eslaydilar, bundan 32 yil muqaddam o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi, O'zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo'yilgan birinchi dadil qadami edi. Shu ma'noda, uni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash, boyitib borish ozodligimiz, erkin va farovon hayotimizni asrash, demakdir. Zero, dunyoda o'zbek tili borligi uchun o'zbek degan millat bor, o'zbek degan millat borligi uchun O'zbekiston degan davlat bor! Mustaqil yurtning davlat tili bo'lgan o'zbek tili birligimiz, borligimiz ramzidir.

Mana shu haqiqatni hech kim, xususan, yoshlarimiz aslo unutmasligini, tilga e'tibor, tilga muhabbat va sadoqatni or-nomus deb bilishlarini juda istar edim.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Ona tilimiz – milliy ma'naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog'idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko'rsatish bizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.

Davlat tiliga bo'lgan doimiy e'tibor va g'amxo'rlik barchamizning faoliyatimizda bundan buyon ham eng ustuvor vazifa bo'lib qoladi. Bu olijanob harakatni har birimiz o'zimizdan, o'z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.

So'zimning yakunida sizlarni va siz orqali viloyatimiz ahlini yana bir bor “O'zbek tili bayrami kuni” bilan chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga fayzu baraka, baxtu saodat tilayman.

Ona tilimiz, qudratli davlat tili bo'lgan o'zbek tili hamisha bezavol yashasin, doimo mag'rur va baralla yangrasin.

E'tiboringiz uchun rahmat!