Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Toshkent viloyati hokimi Shukurullo Xabibullayevich Babayevning O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi Tabrik so‘zi

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Hurmatli mehmonlar, bayram tadbiri ishtirokchilari!
Ayni kunlarda barcha shahar va qishloqlarimizda, butun mamlakatimizda, xalqimiz hayotida muhim va shonli sanaga aylangan eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami “Fidoying bo‘lgaymiz seni O‘zbekiston!” degan ezgu g‘oya asosida ko‘tarinki kayfiyat va shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda.
Shu fursatdan foydalanib, Siz azizlarni, butun viloyatimiz ahlini, mustaqilligimizni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shayotgan kattayu-kichik hamyurtlarimizni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yilligi bilan chin qalbimdan, samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.

Qadrli bayram tadbiri ishtirokchilari!

Barchamizga yaxshi ayonki, mustaqillik yo‘li — sharaf va mashaqqatlarga to‘la zafar yo‘lidir. Bu yo‘lning shonli ibtidosi va buyuk istiqboli bor! Bu haqda fikr yuritganda, avvalo, dunyoning juda ko‘p mintaqalarida siyosiy nizo va qonli to‘qnashuvlar, manfaatlar kurashi tobora keskin tus olayotgan, kurrai zaminga terrorizm, ekstremizm, giyohvandlik kabi jirkanch illatlar jiddiy xavf solib turgan murakkab va tahlikali bir sharoitda serquyosh diyorimizda tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhiti barqaror ekanini katta mamnuniyat va shukronalik bilan tilga olishimiz tabiiydir. Binobarin, ona O‘zbekistonimiz o‘zining 26 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘lida qat’iyat bilan odimlab, dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida barqaror rivojlanib borayotgani, xalqimizning hayot sifati va turmush darajasining yaxshilanishi, ongu tafakkurining yuksalishi, xalqaro maydonda vatanimiz obro‘-e’tiborining oshishi barchamizga katta faxr-iftixor yetkazadi.
Bundan 26 yil oldin mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining betimsol jasorati va xalqimizning azmu shijoati bilan davlat mustaqilligini qo‘lga kiritib, avvalo, milliy davlatchiligimizni, xalqimizning toptalgan qadriyatlarini, dinu diyonatini, oru nomusini tiklash, o‘zligini anglash, xalqimizning orzu-intilishlariga, milliy manfaatlariga javob beradigan kelajagimizni qurish yo‘lini ochib bergani bilan xalqimiz va kelajak avlodlar yodida abadiy saqlanib qoladi.
Aynan mustaqillik sharofati bilan mard va matonatli xalqimiz tarixan qisqa davrda amalga oshirgan olamshumul ishlar tufayli shahar va qishloqlarimizning, butun mamlakatimizning qiyofasi tobora ochilib, obod bo‘lib borayotgani, aholimizning hayot darajasi va sifati yuksalayotgani, xalqimiz o‘z hayotidan rozi bo‘layotgani ana shu yillar davomida bosib o‘tgan yo‘limiz va kelajakka ishonch bilan tashlayotgan qadamlarimizning samarasidir.
Mustaqillik qadr-qimmati, o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tgan og‘ir va mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli yo‘limiz, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz, xalqimiz erishgan yutuq va marralarini tahlil qilib, bugungi kunda islohotlarning yangi bosqichiga qadam qo‘yar ekanmiz, yutuqlarga mahliyo bo‘lmay, xalqimiz dardu tashvishlarini teranroq anglash, joylarda yechimini kutib yotgan ko‘plab muammo va masalalarga birgalikda yechim izlash har jihatdan to‘g‘ri yo‘ldir. Shu borada davlatimiz rahbari — muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Oddiy odamlar bugungi kunda bo‘layotgan o‘zgarishlarni sezishi kerak. Ular ertaga emas, bugun yaxshi yashashni istaydi. Ularga bugun yaxshi sharoit yaratib berishimiz kerak, ayni kunda barcha amalga oshirayotgan ishlarimizdan ko‘zlangan maqsad-muddao ham shudir”, degan da’vati hayotimizning bosh dasturilamaliga aylanishi kerakligini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.
Binobarin, 2017 yil yurtimizda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e’lon qilinishi, milliy taraqqiyotimizning eng muhim va ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida aks ettirgan “Harakatlar strategiyasi”ning hayotga izchil tadbiq etilayotgani, barcha darajadagi rahbarlarning shaxsan mahallalarda bo‘lib, odamlar xonadoniga kirib, mavjud muammolarni joyida hal qilishga intilishi, odamlarimizning dardiga quloq tutishi, xalqimizning ruhini ko‘tarib, ertangi kunga, davlatga, siyosatga ishonchini mustahkamlamoqda. Eng muhimi, biz bu boradagi ishlarni izchil davom ettirib, haqiqatdan ham xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga sidqidildan xizmat qilishini ta’minlaymiz.

Qadrli marosim ishtirokchilari!

O‘rni kelganda, shuni ham mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, ayni kunlarda, biz, viloyatning katta kichik rahbarlari, faollari qatorida butun Toshkent viloyati ahli bayramni qo‘shaloq xursandchiliklar bilan, ko‘tarinki kayfiyatda qarshi olmoqdamiz. Biz bugun shunday bir tarixiy jarayonlarni boshdan kechirayotganimiz bilan har qancha g‘ururlansak, iftixor qilsak arziydi. Ne baxtki, muhtaram Yurtboshimiz taklifi va tashabbuslari bilan Toshkent viloyati ham o‘zining ma’muriy markaziga ega bo‘ldi. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan To‘ytepa shahri Toshkent viloyatining markazi sifatida tasdiqlanib, unga yangi – NURAFSHON deb nom berilgani, jannatmonand viloyatimizga Ollohning nuri, barakasi, hidoyati yog‘ilganligidan darakdir, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Endilikda viloyat markazi sifatida yangi Nurafshon shahrining zamonaviy qiyofasi jahon arxitekturasining eng so‘nggi yutuqlari asosida shakllantirilmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, Toshkent viloyatining poytaxti bo‘lmish bizning aziz go‘shamiz mamlakatimizning eng go‘zal, eng zamonaviy, eng taraqqiy etgan shaharlaridan biriga aylanishiga aslo shak-shubha yo‘q. Mana ko‘rasiz, bir-ikki yil ichida viloyatimiz qiyofasi tubdan o‘zgaradi, yangi, zamonaviy turarjoylar, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarining ko‘pqavatli, salobatli binolari viloyat markaziga haqiqiy zamonaviy shahar tusini berib, odamlarimizning turmush farovonligi yanada oshadi, hayotimiz yanada go‘zal bo‘ladi. Eng muhimi, bu ishlarni aynan o‘zimiz, o‘z qo‘limiz bilan amalga oshiramiz va bu bizga benihoya katta g‘ayrat va shijoat bag‘ishlaydi.

Qadrli do‘stlar!

Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatimizning Angren, Olmaliq va Bekobod shaharlariga tashriflari chog‘ida viloyatimiz hayotiga taalluqli bir qancha muhim qarorlarni imzoladilar.
Misol uchun, Prezidentimizning Chirchiqda davlat pedagogika institutini ochish, Jismoniy tarbiya oliygohini shu yerga ko‘chirish, Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish hamda oliy texnik ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialini tashkil etish bo‘yicha qabul qilgan qarorlari viloyatimizga, uning ertangi kuni, farzandlarimiz kelajagiga bo‘lgan juda katta e’tibor va g‘amxo‘rlikdan dalolatdir.
Yoki Prezidentimizning Olmaliqda bo‘lib, iqtisodiyotimizning qon-tomiriga aylangan kon-metallurgiya kombinatida misli ko‘rilmagan yirik hajmdagi loyihaga tamal toshini qo‘yib berganlari, bu yerda yangi ochilgan konga “Yoshlik” koni, deb nom berishni taklif qilganlari, umuman, mazkur kombinatning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda rivojlantirish dasturini belgilab berganlari viloyatimiz iqtisodi, odamlarimiz turmush farovonligini oshirish uchun naqadar katta imkoniyatlar yaratishini so‘z bilan ta’riflash mushkul.
Dastur natijasida mis ishlab chiqarish 1,4 barobar, qimmatbaho metallar ishlab chiqarish 33 foizga oshishi, eng muhimi,10 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlanishi loyihaning ko‘lami va ahamiyatini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Bekobod shahriga qilgan tashriflarida esa eng avvalo, oddiy odamlar bilan muloqotga kirishib, aholining maishiy turmushiga doir yillar davomida yechilmay kelayotgan muammolarni bartaraf etish yo‘llari belgilanib, bu bo‘yicha jadal ishlar boshlab yuborilganidan o‘ylaymanki, yaxshi habardorsiz. Toshkent — Bekobod yo‘nalishida elektrichka qatnovining yo‘lga qo‘yilishi esa odamlarning ilgari hatto hayoliga ham kelmagan yangilik bo‘ldi!

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Xalqimizning tinimsiz mehnati, mardligi va matonati evaziga qo‘lga kiritilayotgan bunday yutuqlardan va marralardan har qaysimiz g‘ururlanib, boshimizni baland ko‘tarib yashashga haqlimiz.
Yurtimizda, shu jumladan, viloyatimizda olib borilayotgan bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlarida bugungi tantanamizda qatnashayotgan barchangizning munosib hissangiz bor.
O‘z navbatida, el-yurt taraqqiyoti yo‘lida kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan mehnat qilayotgan zamondoshlarimizning fidokorona xizmatlari munosib baholanib kelinmoqda.
Jumladan, kuni kecha muhtaram Prezidentimizning Farmonlari bilan viloyatimizning 30 ga yaqin fidoyi, mehnatkash insonlari — sizu bizning zamondoshlarimiz davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandilar. Fursatdan foydalanib, barcha mukofotlanganlarni chin ko‘ngildan, samimiy muborakbod etaman.

Aziz yurtdoshlar!

Hammamizga ayonki, biz boshimizdan kechirayotgan zamon barchamizdan avvalo ogoh va sezgir bo‘lib yashashimizni, tinch va osuda hayotimiz uchun, o‘z farzandlarimizning kelajagini asrash uchun jaholatga qarshi ma’rifat bilan tinimsiz kurashishimizni talab qilmoqda.
Yigirma olti yillik mustaqil taraqqiyotimiz davomida qanday ulkan yutuqlarga erishgan bo‘lsak, turmushimiz yanada obod va farovon bo‘lib, odamlarimizning hayotdan roziligi ortib borayotgan bo‘lsa, buning negizida avvalo tinchlik va osoyishtalikni saqlab, azal-azaldan bunday ne’matlarni ko‘z qorachig‘idek asrab, yosh avlodimizni ana shu ruhda tarbiyalab kelayotgan xalqimizning fidokorona mehnati, aqlu zakovati, mustahkam irodasi mujassamdir.
Istiqlolni o‘zining baxti va taqdiri, deb bilgan Toshkent viloyatining mehnatkash aholisi Vatanimizni yanada gullab-yashnashi, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash uchun o‘z oldiga qo‘yilgan barcha vazifalarni dadil, mardonavor amalga oshiradilar. Biz bunga, albatta, ishonamiz.
So‘zimning yakunida barchangizga xushkayfiyat, mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ishlaringizda ulkan zafarlar tilab qolaman.

Istiqlolimiz abadiy, yurtimiz tinch, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin!

Eng ulug‘, eng aziz bayram barchamizga muborak bo‘lsin!