Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Toshkent viloyati hokimi Shukurullo Xabibullayevich Babayevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan Tabrik so‘zi

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

Hurmatli mehmonlar !

Shu kunlarda tabiat uyg‘onib, shahar va qishloqlarimiz yashil libosga burkangan bir pallada betakror ona yurtimiz – O‘zbekistonimiz zaminiga barchamiz orziqib kutgan Navro‘zi olam ham kirib keldi.
Mana shu munavvar lahzalarda yangilanish va yasharish, shodu xurramlik ramzi bo‘lgan eng ko‘hna va oliyjanob Navro‘z bayrami bilan siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun viloyatimiz ahlini chin qalbimdan tabriklayman.

Aziz do‘stlar!

Sharqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uyg‘onishining ramzi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘zning yurtimizda mexr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik, xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotganini barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazilishi xalqimizni kayfiyatiga yanada xushkayfiyat qo‘shmoqda desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Ushbu ayyom arafasida hammamiz, Navro‘zning ruhi va falsafasida o‘z aksini topgan mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash xalqimizga xos bo‘lgan qadriyatlar, bir-biriga mehr-oqibat ko‘rsatish, bemorlar xolidan xabar olish, ko‘ngli yarim insonlarga beminnat yordam berish, keksalarning duosini olish kabi ezgu fazilatlarni yaqqol namoyon etib, quvonchimizni yaqinlarimiz bilan baham ko‘rishga intilamiz.
Ma’lumki, Azal-azaldan xalqimizning ezgu va go‘zal qadriyatlarini, uning oliyjanob orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga o‘lmas meros sifatida bezavol o‘tib kelayotgan Navro‘zi olam mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat’iy nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylanib qoldi
Shu bilan birga qayd etish joizki, sobiq tuzum davrida yoshi necha ming yillarga teng, xalqimizning butun ezgu xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan ushbu bayramga nisbatan xurujlar bo‘lgani hech kimga sir emas.
Mustaqillik bu bayramni bizga qaytarib berdi, qadru qimmatini tikladi.
Bugun dunyoning turli burchaklarida urush va nizolar paydo bo‘layotgani butun insoniyatda tashvish va xavotir uyg‘otmoqda.
Ana shu pallada tabiat olami bilan uyg‘un va mushtarak bo‘lgan, bu osuda hayotni qadriga yetib, shukronalik hissi bilan yashash kerakligini yana bir bor anglaymiz.
Zotan, Navro‘zi-olamning yana bir betakror hislati borki, u har qaysi uyda, har qaysi yurtda, butun Yer yuzida tinchlik va osoyishtalik bo‘lishiga da’vat etadi.
Bu ayyomda turli gina va arazlar unutiladi, urush va janjallar to‘xtaydi, ahillik va odamiylik qaror topadi.

Hurmatli sayil ishtirokchilari!

Bu yilgi Navro‘zni butun xalqimiz o‘zgacha shukuh va xush kayfiyat bilan kutib olayapti. Chunki joriy yilda mustaqilligimizning qutlug‘ 26 yilligini nishonlaymiz. Muhtaram yurtboshimiz tomonidan ushbu yilimiz mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanishida ham chuqur ma’no-mazmun mujassam.
Zero, muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Xalq bilan samarali muloqotni ta’minlash Davlat dasturining eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri bo‘ladi”. Mana shu hayotbaxsh g‘oya har birimizning qalbimizga chuqur kirib borishi, ana shu ulug‘ ishga munosib hissa qo‘shish barchamizning muqaddas vazifamizga aylanmog‘i lozim. Bir so‘z bilan aytganda xalq bilan muloqot ertangi kunimizda islohotlarimizni yuksalishidir.
Bugun yurtimizda, jumladan viloyatimizda muhtaram Yurtboshimiz rahnamoliklarida olib borilayotgan turli sohalardagi islohotlar natijasida yangidan-yangi bino va inshootlar, sanoat korxonalari, ta’lim maskanlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, yangi uy-joylar foydalanishga topshirilmoqda.
Bu esa shahar va qishloqlarimizning chiroyini ochib, Navro‘z shodiyonalariga tom ma’noda o‘zgacha ruh bag‘ishlamoqda.
O‘lkamizga kirib kelgan bahor fasli eng avvalo, zahmatkash dehqonlarimizga kuch-g‘ayrat va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi.
Shu bois ham yangi mavsumning boshlanishi bo‘lgan ushbu kunlarda bahorning har bir g‘animat onlarini qadriga yetib, bebaho zaminimizga mehr qo‘yib, uning har bir qarichidan oqilona foydalanishimiz lozim. Ana shundagina joriy yilda oldimizga qo‘yilgan ulkan marralarga yorug‘ yuz bilan erishamiz.

Aziz yurtdoshlar!

Xalqimizda “Yaxshi inson ko‘zidan, yaxshi yil Navro‘zidan ma’lum”, degan gap bor. Bahorning serfayz, xushhavo tashrifidan ko‘rinib turibdiki, bu yil xalqimiz uchun yanada barakali, hosiyatli yil bo‘ladi.
So‘zim yakunida Siz, azizlarni Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu-bekamlik tilayman.
Har bir xonadonga, butun diyorimizga tinchlik-omonlik, mehr-oqibat, baxtu saodat yor bo‘lsin!

Yana bir bor Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!