Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Toshkent viloyati hokimi G‘.Ibragimovning “Konstitutsiya — xalq taqdirida” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirdagi Ma’ruzasi

Assalomu alaykum, hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Shu kunlarda butun xalqimiz katta bayramlar shukuhi, quvonchi bilan yashamoqda. Yaqindagina mamlakatimiz bo‘ylab xalqimiz hayotidagi muhim va shonli sana — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi katta tantanalar bilan nishonlagan edik, yana sanoqli kunlardan keyin barchamiz katta orzu va umidlar bilan Yangi 2019 yilni qarshi olamiz.
Shu fursatdan foydalanib, bugungi “Konstitutsiya — xalq taqdirida” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirga jamuljam bo‘lgan Siz azizlarni, milliy davlatchiligimiz asosi, huquq va erkinliklarimizning mustahkam kafolati bo‘lgan Bosh Qomusimiz qabul qilingan kun hamda kirib kelayotgan Yangi yil bilan chin qalbimdan, samimiy tabriklayman.
Barchamizga yaxshi ayonki, mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bosh qomusimiz, eng avvalo, inson huquqlari, uning haqqoniy manfaatlari, shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini kafolatlab berdi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 13-moddasida “...inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati, boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, deb belgilab qo‘yilgan.
Xususan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar va yangilanishlar zamirida ana shu umuminsoniy tamoyillar mujassam. Ushbu tamoyillarning amalda ta’minlanishi inson huquq va manfaatlarining hayotiy ifodasidir.
Shu ma’noda, poyoniga yetib borayotgan 2018 yil har qancha sinov va mashaqqatlar bilan kechayotgan bo‘lmasin, bugun biz serquyosh diyorimizda tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhiti barqaror ekanini katta mamnuniyat va shukronalik bilan tilga olishimiz tabiiydir. Yillar davomida yig‘ilib qolgan turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolar barham topib, aholi farovonligi yo‘lida xizmat qiluvchi ko‘plab loyihalar ro‘yobi sari dadil qadamlar qo‘yilmoqda. Odamlar roziligiga erishish barcha say’-harakatlarimizning bosh mezoniga aylandi.
Chindan ham, inson bu dunyoga, eng avvalo, baxtli yashash uchun keladi. E’tiborlisi, mamlakatimizda imkoniyati cheklangan kishilarga ko‘maklashish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, imkon darajasida mehnatga jalb etish, hayotimizning barcha jabhalarida ishtirok etishlariga erishish hamda haq-huquqlarini himoya qilish borasida doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, hayot sifatini yaxshilash tizimini takomillashtirish, ta’lim olish va ishga joylashishda har tomonlama ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda. Taqdirning har qanday zarbalariga munosib javob berib, kuch va irodasiga tayanib, faqat ezgulik yo‘lida olg‘a intiladigan insonlarga dalda bo‘lish, ularning yonida turish, hayotini mazmunli qilishga, umrini uzaytirishga qo‘limizdan kelganicha hissa qo‘shishni nafaqat insoniy burch, balki faoliyatimizning uzviy bir qismi, deb tushunamiz.
Agar bir-ikki misollarga murojaat qilish joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, shu yilning o‘zida byudjet mablag‘lari, homiy va hamkor tashkilotlar ko‘magida jismoniy imkoniyatlari cheklangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand fuqarolarimiz 361 ta turar-joy, 1 ming 90 dona aravacha, 130 ga yaqin eshitish apparatlari, ko‘plab tayanch va harakat jihozlari bilan ta’minlandilar. Shuningdek, 900 ga yaqin murojaat qiluvchilarga protez-ortopediya moslamalari yetkazib berildi. 25 nafar shaxsning o‘ta og‘ir operatsiyalari uchun moddiy yordamlar ajratildi.
414 nafar urush va mehnat faxriylariga hamda 3 ming 425 nafar pensioner, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz keksalarga sanatoriya, shuningdek, 9,5 mingga yaqin bemorga viloyat va respublika kasalxonalarida davolanishi uchun bepul yo‘llanmalar berildi.
Aholimiz salomatligini mustahkamlash uchun munosib shart-sharoit yaratish maqsadida 2018 yil davomida viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi 37 ta ob’ektda 127 mlrd. 788 mln. so‘mlik qurilish-rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Joylarda shu yilning o‘zida 23 ta yangi xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.
O‘ylaymanki, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimiz bundan buyon ham ko‘lam va muntazamlik kasb etib boraveradi.

Qadrli tadbir ishtirokchilari!

Biz, barchamiz bu hayotni e’zozlab, umrini benazir ne’mat bilib, hamisha yaxshilikka yuzlanib, o‘z maqsad va muddaolari yo‘lida intilib, shukronalik bilan yashayotgan Siz azizlarga yuksak hurmat va ehtiromimni bildirishdan benihoya mamnunman.
Fursatda foydalanib, yana bir bor barchangizni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan qo‘shaloq bayramlar, xususan, kirib kelayotgan Yangi — 2019 yil bilan yana bir karra qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, uzoq umr, oilalaringizga tinchlik va osoyishtalik tilayman!

E’tiboringiz uchun rahmat!