Xabar berganimizdek, joylarda aholi bilan yaqindan muloqot qilish, ularning muammolarini tinglash va hal etish maqsadida Parkent tumani "Qiziltog'" qo'rg'onida yashovchi fuqarolar uchun ommaviy sayyor qabul bo'lib o'tmoqda.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzaev boshchiligidagi sayyor qabulda aholi sog'liqni saqlash, moddiy-ko'mak, uy-joy va maishiy turmush muammolari, kommunal xo'jalik, bandlik, tadbirkorlik, kredit olishga doir qator masalalar bilan murojaat qilishmoqda.
Qabul boshlangan dastlabki soatning o'zida o'ttizdan ziyod fuqarolarning murojaatini viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzaev shaxsan tinglab, joyida o'z munosabatini bildirdi.
Muloqotda tibbiy xizmat, kredit ta'minoti, uy-joyga doir bir qancha masalalar o'z echimini topdi.
Xususan, "Oydin" mahallasida yashovchi Feruza Olimova ajrim natijasida uy-joysiz qolgani, xonadonini sobiq turmush o'rtog'idan qaytarib olishda muammolarga duch kelayotgani bayon etdi.
Mazkur murojaat viloyat hokimi va tegishli tashkilot mutasaddilari ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, Feruza opaga qonun talabidan kelib chiqib, amaliy yordam beriladigan bo'ldi.
"Fayzobod" mahallasida yashovchi Zulayho Mingyasharovaning oilaviy sharoitini inobatga olib, viloyat hokimi 5 mln. so'm pul mablag'ini moddiy yordam sifatida ajratish yuzasidan tegishli ko'rsatma berdi.
Shuningdek,o'g'lini davolatish uchun amaliy yordam so'rab kelgan Feruza Tursunboevaga 12 mln. so'm mablag' beriladigan bo'ldi.
Jarayonda ayrim fuqarolarga huquqiy jihatdan tushuntirishlar ham berilmoqda.