Sayt test rejimida ishlamoqda!
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

“O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sovrindorlari taqdirlandi

Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati yetakchilari va faollari, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sovrindorlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari Mustaqillik maydonida bo‘lib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Nihol” mukofoti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi va boshqa stipendiyalar iste’dodli yigit-qizlarni rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Bugun O‘zbekiston yoshlari “Ertangi kun bizniki, marra bizniki! Vatanimizning ertangi taraqqiyoti bizning qo‘limizda!” degan ezgu g‘oya va e’tiqod bilan yashamoqda.

Birinchi Prezidentimizning 2003-yil 4-avgustdagi farmoniga asosan “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan xalqimizning iftixoriga aylangan, yuksak vatanparvarlik, fidoyilik tuyg‘usi, mehnatsevarlik fazilatlarini o‘zida mujassamlashtirgan, Vatanimiz obro‘si, shon-shuhratini yuksaltirishga, uning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qilayotgan, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, tengdoshlariga namuna bo‘layotgan yoshlar taqdirlab kelinmoqda.

Ushbu ko‘krak nishoniga nomzodlar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining quyi tashkilotlari va jamoatchilik tomonidan taqdim etilib, sovrindorlarga mukofot Harakat markaziy kengashining qarori asosida berilayotir. Zero, bugun mamlakatimizda sog‘lom fikrli yoshlarni o‘z atrofida birlashtirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va manfaatlarini ta’minlashda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining ham muhim o‘rni bor. “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonining Harakat tomonidan topshirilishi yoshlarni ushbu tashkilot atrofida yanada jipslashishga, ularni bir kuch bo‘lib, o‘z bilim va iste’dodi, fidoyiligi bilan Vatanimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishga rag‘batlantirmoqda.

Marosimda ilm-fan, madaniyat, san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash, jurnalistika, sport, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes, huquq va harbiy sohalarda o‘qiyotgan, ishlayotgan hamda ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanib, yuksak natijalarga erishayotgan 50 nafar yigit-qizga “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni tantanali topshirildi.

Taqdirlanganlar orasida Toshkent davlat agrar universiteti magistranti Ma’mura Xalilova ham bor.

Ma’mura 2015-yil Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi, “Kamolot” stipendiyasi sohibi, “Yurt kelajagi”, “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovlari g‘olibi bo‘lgan.

– Biz, yoshlarning mana shunday tabarruk yurtda tug‘ilib o‘sganimiz, shu muqaddas zamin, shu aziz Vatan farzandi ekanimiz eng buyuk baxtimizdir, – deydi Ma’mura Xalilova. – Ilmiy izlanishlarim natijalari mamlakatimizdagi va xalqaro jurnallarda nashr qilingan. Barcha yoshlar qatori Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilish – eng ulug‘ maqsadimdir.

Tadbir yosh ijrochilar va san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.