O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi yuzasidan O'rta Chirchiq pedagogika kollejida Toshkent viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi tasarrufidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o'rtasida “Shaxmat kunlari” doirasida o'tkazilayotgan O'zbekiston birinchiligi musobaqasining viloyat bosqichi bo'lib o'tdi.
Musobaqada Toshkent viloyati hokimi o'rinbosari Jamshid Babajonov, Toshkent viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Dilafruz Mahmudova, boshqarmaning mas'ul xodimlari, tuman-shahar maktabgacha ta'lim bo'limi hamda maktabgacha ta'lim tashkilotlari vakillari, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Musobaqada viloyatning 22 ta tuman va shahridan 44 nafar tarbiyalanuvchi qatnashib, shundan 22 nafari o'g'il, 22 nafari qiz bolalardan iborat bo'lgan ishtirokchilar 7 turda kuch sinashdilar.
Musobaqa yakuniy natijalariga ko'ra, o'g'il bolalar o'rtasida 1-o'rinni Angren shahar 15-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Farrux Shuhratov, 2-o'rinni Chirchiq shahar 37-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Ixtiyor Usmonov, 3-o'rinni YAngiyo'llik Akbarali Adilxanov egallagan bo'lsa, qizlar o'rtasida 1-o'rinni Angren shahar 15-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Mushtariy Shuhratova, 2-o'rinni “YAsmina” nomli oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Aziza Xamraeva, 3-o'rinni Zangiota tumani 25-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Fotimaxon Rahmatova egalladi.
Musobaqa ishtirokchilariga diplom va faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg'alari topshirildi.
Shaxmat musobaqasi nizomi talablariga asosan, musobaqada 1-o'rinni egallagan Angren shahar 15-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Farrux Shuxratov va Mushtariy Shuhratovaga musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etishi uchun yo'llanma berildi.