Bizning yangi veb saytimiz
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 73

Jamoatchilik kengashining tarkibini shakllantirish va ishini tashkil etish tartibi

Jamoatchilik kengashining tarkibini shakllantirish va ishini tashkil etish tartibi
1. Jamoatchilik kengashining tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari kiradi.
2. Jamoatchilik kengashi a’zoligiga, qoida tariqasida, davlat organida namunali xizmat ko‘rsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari qabul qilinadi.
3. Jamoatchilik kengashi a’zolarining soni cheklanmagan.
4. Jamoatchilik kengashining tarkibi davlat organi rahbarining qarori bilan har 3 yilda tasdiqlanadi.
5. Quyidagi holatlarda jamoatchilik kengashining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:
-ular tomonidan jamoatchilik kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza berilganda;
-jamoatchilik kengashining majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda, mazkur Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;
-ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
-vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganda.
6. Jamoatchilik kengashining tasdiqlangan a’zolari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, ularning aloqa ma’lumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari) va ularga kiritilgan o‘zgartishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shart.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2022-y., 06/22/154/0524-son)
7. Jamoatchilik kengashining raisi:
-jamoatchilik kengashining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
-jamoatchilik kengashining majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;
-jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;
-jamoatchilik kengashining ish rejasini, majlisi bayonnomasini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;
-jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qiladi;
-jamoatchilik kengashi a’zolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarilishini muvofiqlashtiradi;
-davlat organining rasmiy veb-saytida va boshqa resurslarda joylashtiriladigan jamoatchilik kengashining faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarkibi bo‘yicha takliflar kiritadi va uni davlat organi rahbari bilan kelishadi;
-jamoatchilik kengashi qarorlarini bajarish masalalari yuzasidan davlat organi rahbari bilan hamkorlik qiladi;
-jamoatchilik kengashining samarali ishini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
8. Jamoatchilik kengashining raisi bo‘lmagan taqdirda, uning vakolatlari va majburiyatlarini rais o‘rinbosari bajaradi.
9. Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari:
-rais yo‘qligida jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;
-jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
-fuqarolarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, jamoatchilik kengashi faoliyatiga taalluqli murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
-jamoatchilik kengashining samarali ishlarini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
10. Jamoatchilik kengashining kotibi:
-jamoatchilik kengashining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini hal qiladi;
-jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi, davlat organi xodimlaridan zarur hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rab oladi;
-kun tartibiga muvofiq jamoatchilik kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;
-jamoatchilik kengashi o‘tkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar ro‘yxatini jamoatchilik kengashining raisi bilan kelishadi;
-jamoatchilik kengashining a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni jamoatchilik kengashi majlisi o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;
-jamoatchilik kengashi qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi va uning natijalarini jamoatchilik kengashi majlisida ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi;
-jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga jo‘natilishini ta’minlaydi;
-jamoatchilik kengashining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
11. Jamoatchilik kengashining a’zolari o‘z majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.
-Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok etish imkoni bo‘lmagan holatlarda, uning a’zosi majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.
-Jamoatchilik kengashining a’zolari:
-o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun davlat organi tomonidan tashkil etiladigan hay’at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;
-jamoatchilik kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini ta’minlaydi;
-davlat organi faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;
-davlat organi xodimlari, ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi va ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha takliflarni jamoatchilik kengashiga kiritadi;
-jamoatchilik kengashining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;
-jamoatchilik kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqadi va natijalari bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;
-jamoatchilik kengashining zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
12. Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik kengashining majlisi uning ish rejalari asosida har chorakda kamida bir marta chaqiriladi.
-Jamoatchilik kengashining raisi jamoatchilik kengashi a’zolarining uchdan bir qismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirishi mumkin.
-Jamoatchilik kengashining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shart.
-(22-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2022-y., 06/22/154/0524-son)
13. Jamoatchilik kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari taklif etilishi mumkin.
14. Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan jamoatchilik kengashi a’zolarining takliflari va jamoatchilik kengashi raisining topshirig‘i asosida shakllantiriladi.
15. Jamoatchilik kengashining majlisini uning raisi olib boradi. Rais ishtirok eta olmagan holatlarda, majlisni uning o‘rinbosari olib boradi.
-Jamoatchilik kengashining majlisida davlat organi rahbari, uning o‘rinbosarlari va boshqa xodimlar ishtirok etishi mumkin.
16. Jamoatchilik kengashining majlisi, agar unda jamoatchilik kengashi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
-Majlisni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, jamoatchilik kengashining yangi majlisi o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi.
17. Jamoatchilik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan jamoatchilik kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
18. Jamoatchilik kengashining har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasiga majburiy tartibda qo‘shib qo‘yiladi.
19. Jamoatchilik kengashining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda davlat organiga, jamoatchilik kengashi a’zolariga va manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
20. Jamoatchilik kengashining qarorini tezlik bilan qabul qilish zaruriyati tug‘ilganda, uning raisi tashabbusi bilan qaror jamoatchilik kengashining a’zolari bilan kelishilgan holda so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.
-Davlat organi jamoatchilik kengashining qabul qilgan qaroriga qo‘shilmagan hollarda, jamoatchilik kengashining qarorini olgan kundan boshlab o‘n kundan kechikmay unga asoslantirilgan e’tirozini yozma shaklda yuboradi.
21. Jamoatchilik kengashining kotibi kengash a’zolari ko‘magida jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosining borishini o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarur bo‘lgan hollarda, jamoatchilik kengashining raisiga tegishli takliflar kiritadi.