Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Hayrat va unutilmas tassurotlarga boy sayohat

Toshkent viloyati purviqor tog'lariyu, yashillikka burkangan kengliklari, nabotot olami bilan o'ziga xos jozibador tabiatga ega. Aslida hudud ohanrabosi ham shunda.

photo2021-10-0713-42-43.jpg

Toshkent viloyati purviqor tog'lariyu, yashillikka burkangan kengliklari, nabotot olami bilan o'ziga xos jozibador tabiatga ega. Aslida hudud ohanrabosi ham shunda. Yilning to'rt faslida ham sayyohlarning qadami uzilmaydi. E'tiborlisi, tashrif buyuruvchilar safi yildan-yilga kengayib bormoqda.

Keling, birgina viloyat misolida turizm rivojining aholi real daromadlari oshishi, bandlikni ta'minlash hamda iqtisodiy salohiyati yuksalishidagi ahamiyatini, bunga zamin hozirlagan omillarni tahlil qilib chiqsak.

Tashrif buyuruvchilar oqimi qariyb 12 barobar ortdi

— Hududimiz sayyohlik sohasida keng imkoniyatlarga ega, — deydi viloyat hokimi o'rinbosari — turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig'i Jamshid Bobojonov. — Shu bois, mazkur sohani yanada rivojlantirishga alohida e'tibor qaratyapmiz. Ayniqsa, so'nggi yillarda infratuzilmani yaxshilash, sayyohlik yo'nalishlarini ko'paytirish, mehmonlarning mazmunli madaniy hordiq chiqarishlari uchun xalqaro standartlar asosida sharoitlar yaratish borasida katta ishlar amalga oshirildi.

Bu kabi sa'y-harakatlar amalda o'z samarasini bermoqda. Agar 2017 yildagi va hozirgi ko'rsatkichlarni solishtirsak, farq juda katta ekani ko'rinadi. O'sha paytda mehmonxonalar, hostellar hamda oilaviy mehmon uylari soni 152 tani tashkil etgan bo'lsa, bugungi kunga kelib, 1007 taga etdi. YA'ni hozir 97 ta mehmonxona, 765 ta oilaviy mehmon uyi, 30 ta hostel, 30 ta bolalar dam olish oromgohi, 59 ta vazirlik va idoraning oromgohlari, 26 ta sanatoriy va boshqa sog'lomlashtirish ob'ektlari faoliyat yuritmoqda.

YAna bir misol. 2017 yilda viloyatimizga 128 ming 300 mahalliy, 14 ming 600 xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo'lsa, 2021 yilning 8 oyi mobaynida 1 million 850 ming mahalliy va 50 ming nafar chet ellik kelgani sohada qanday ulkan o'sish ro'y berganini anglatadi.

photo2021-10-0713-42-44.jpg

Kelgusi besh yilda Toshkent viloyatiga sayyohlar oqimini 10 barobar oshirish borasida jadal harakatlar olib borilmoqda. Shuningdek, 50 ta mehmonxona, 1000 ta oilaviy mehmon uyi, 60 ta hostel, 60 ta dam olish maskani, 10 ta sanatoriy va boshqa sog'lomlashtirish ob'ektlari barpo etilishi rejalashtirilmoqda.

“Sizga bir sirni ochaymi?”

Parkentning Kumushkon qishlog'idagilar Antonina Madalievani yaxshi tanishadi. Asli rus millatiga mansub Antonina opa o'zbek xonadoniga kelin bo'lib tushganida 17 yoshda edi.

— 63 yoshdan oshganimda o'z xonadonimda oilaviy mehmonxona tashkil etib, tadbirkorlar safiga qo'shildim, — deydi A.Madalieva. — Bankdan 30 million so'm kredit oldik. Sohani yaxshiroq bilishim uchun onlayn kursda o'qib, sertifikat ham oldim. Biznes yo'l-yo'rig'ini puxta egallash uchun yoshning farqi yo'q. Turmush o'rtog'im, farzandlarim ko'magida ham mehmonxona, ham mo''jazgina uy-muzeyi tashkil etdik. Muzeyimizni “Ali bobo” deb nomladik. Hovlimizga tashrif buyurgan sayyohlar noodatiy bezaklarga boy xonalarimizni ko'rib, zavqu shavqqa to'ladi. Muzeyni tomosha qilganlarning hayratini ko'rib, o'zimning ham shavqim oshadi.

Nega deysizmi? Chopondan tortib, paranji-chachvon, qadimiy do'ppilar, poyondozu gilamlar, turli taqinchoqlar, o'tgan asrlarda ishlangan misgarlik va kulollik buyumlaridan tortib, nodir va noyob sopol buyumlarni ajib bir qiziqish bilan tomosha qilish baribir boshqacha-da!

Sizga yana bir sirni ochaymi? YAqinda poytaxt muzeylaridan tomoshaga kelgan mutaxassislar: “Opa, qadimiy buyum va jihozlaringiz ko'p ekan, bizga sotmaysizmi?”, deb so'radi. Men “Yo'q” dedim. Xudo xohlasa, muzeyimni yanada kengaytiraman.

Samimiy chehrasidan tabassum arimaydigan Antonina opaning hovlisida o'zgacha fayzu tarovat hukmron. Gulu rayhonlar yon-atrofga yoqimli iforlar taratib turibdi. Ikki qavatli mo''jazgina mehmon uyida esa barcha shart-sharoitlar ­muhayyo.

Ovjazsoy — tadbirkorlar qishlog'i

Qurama tog' tizmasida joylashgan Ovjazsoyda bundan uch-to'rt yil ilgari nari borsa 3 yoki 4 ta tadbirkor bo'lardi. Ular ham savdo-sotiq bilan shug'ullangan. 1,5 mingdan ziyod aholining asosiy tirikchiligi ­chorvachilik va dehqonchilikdan iborat edi.

Bugun esa qishloq ahlining ko'pchiligi sayyohlik sohasida tadbirkorlik bilan shug'ullanmoqda.

photo2021-10-0913-09-23.jpg

O'rozali Sherov ana shunday ishbilarmonlardan biri. 2018 yilda u mehmon uyi ochib, tog' yonbag'ridagi tabiiy buloq suvidan bahramand bo'lishni istovchilar uchun xonadonida qulay shart-sharoit yaratdi.

— Bundan uch yil oldin G'azalkentdagi tanishlarimning sayyohlar uchun chiroyli joylar bunyod qilayotganiga guvoh bo'ldim. Shundan so'ng men ham qiziqib qoldim, — deydi u. — Oila a'zolarim bilan maslahatni bir joyga qo'yib, bankdan kredit oldik. Tumanimizdagi Davlat xizmatlari markazi xodimlari bizga yo'l-yo'riq ko'rsatdi. Mehmonlarni qanday kutib olish, ularga sharoitlar yaratish, xullas, bilmaganimizni o'rgandik. Biznes deganining o'zi bo'ladimi?! Mahalla va tuman mutasaddilari yordamida hash-pash deguncha ishlarimiz yurishib ketdi. Mana, hozir oilaviy mehmon uyimiz bor. Daromadimiz havas qilsa arzigulik. Oilamiz to'kin, birovdan kam joyimiz yo'q.

O'rozali akaning mehmon uyida bo'lganimizda mo''jazgina hayvonot bog'iga ko'zimiz tushdi. Quyon, tipratikan, ilon, tustovuq singari ellikka yaqin jonzot parvarishlayotgan tadbirkor xonadonidan shuning uchun ham sayyohlar qadami uzilmaydi. Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus va boshqa ko'plab xorijiy davlatlardan sayyohlar kelib, O'rozali akaning mehmoni bo'lib ketdi.

Bugungi kunda Ovjazsoyda 2 ta dam olish maskani, 10 dan ortiq mehmon uyi faoliyat ko'rsatmoqda.

Biznes boshlash uchun yoshning ahamiyati yo'q

Angrenlik Oysha O'rolova 20 yoshida biznes olamiga dadil qadamlar bilan kirib kelgan. Hozir 26 yoshda. Oysha ham o'z biznesini sayyohlik yo'nalishida tashkil etgan. Unga tegishli “Istiqbol” mehmonxonasi nafaqat yurtdoshlarimizga, balki xorijlik sayyohlarga ham birday manzur bo'lyapti.

— Tadbirkorlikka qiziqishim kollejda boshlangan. Turli yangi g'oyalarni tuzishda tashabbuskor edim. Yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar menga asqatdi. Kollejni tugatish arafasida ustozim Shohista Madiyorova yordamida o'z loyihalarim bilan kirib biznes olamiga keldim, — deydi Oysha O'rolova. — Ustozim menga ko'makdosh va hammaslak bo'ldi. Bilmaganimni o'rgatdi. Hozir 3 ta mehmonxona va bitta oilaviy mehmon uyimiz mavjud. Davlatimiz tomonidan biz, yoshlarga yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar bugun o'z mevasini bermoqda. Bundan cheksiz minnatdorman. Oddiygina oilada 4 farzandni voyaga etkazayotgan ota-onam qarorimni qo'llab, menga qanot bo'ldi, uch singlim va ukam eng yaqin ko'makchilarim.

O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ajratib bergan o'n million so'm mablag' yosh tadbirkorning o'z biznesini yo'lga qo'yishida mustahkam zamin bo'ldi. So'ngra 100 million, keyin 200 million so'm kredit olib, faoliyatini kengaytirib bordi. Endi esa Oysha bankdan 1,5 milliard so'm kredit olib, yanada katta marralarni ko'zlamoqda.

Toshkentning “Oltin halqa”si

Qabul qilingan qator farmon va qarorlar viloyat turizm salohiyatining yuksalishida muhim turtki bo'ldi.

Xususan, O'zbekiston Prezidentining 2020 yil 27 avgustdagi “Bo'stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 dekabrdagi “2019-2021 yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish to'g'risida”gi hamda 2020 yil 10 iyundagi “O'zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlari ijrosi doirasida viloyatning Bo'stonliq, Ohangaron, Parkent, Bo'ka, Chinoz, Zangiota tumanlari va Angren shahrini “Oltin halqa” turizm kontseptsiyasi asosida rivojlantirish belgilangan.

Shuningdek, Parkent tumanida Kumushkon turizm qishlog'i tashkil etilishi ham rejalashtirilgan edi. Bugungi kunda ushbu qishloqda 50 ta mehmon uyi, 1 ta mehmonxona va 1 ta sog'lomlashtirish markazi bunyod etildi. O'z navbatida, qishloq aholisi va xorijiy investorlarni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida 34371 ga er maydoni ajratilgan.

Muxtasar aytganda, sayyohlik sohasida viloyatda qo'lga kiritilgan bu natijalar hali boshlanishi. Iqtisodiy o'sishlar yuksalishi doimo bardavom bo'laversin. Buning uchun esa barcha imkoniyatlar etarli.