Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash tashabbusi, ya’ni ularning "Tashabbusli budjet" loyihalarida faolligini oshirish, mablag‘larning maqsadli sarflanishini o‘rganish maqsadida hududlarda mahalla raislari, hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari ishtirokida seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2022 yil 2-mavsumda Toshkent viloyatida fuqarolar tomonidan jamoat manfaatlariga xizmat qiluvchi 2 mingga yaqin loyiha ovoz berish jarayonlarida ishtirok etib, shundan eng ko‘p ovoz to‘plagan 131 ta loyiha g‘olib deb topilgan.
Unda fuqarolar tomonidan infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash, jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning taqsimlanishida ishtirok etishdi.
117 ta mahalladagi 87,5 millard so‘mlik 131 ta loyiha uchun bugungi kunga qadar 87,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Shuni alohida ta’kidlash mumkinki, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 32 ta loyiha uchun qo‘shimcha 29,9 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Jumladan, 2023 yil 1 yanvardan “Tashabbusli budjet” loyihalari uchun mablag‘lar 2 baravarga oshiriladi. Aholining 70 foizidan ortig‘i ovoz berishda qatnashgan mahallalarga, loyihasi g‘olib bo‘lish yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar, ularga mablag‘ ajratish tartibi joriy qilinadi.
“Tashabbusli budjet” doirasida tibbiyot muassasalarini tibbiyot uskunalari bilan jihozlash yuzasidan kelib tushgan
190 ta loyihaga, kelgusi yilda budjetdan alohida mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, 2023 yildan viloyat budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi “Tashabbusli budjet” loyihalariga beriladi.