Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Bo'stonliqda Misr kompaniyasi bilan farmasevtika zavodi quriladi

Toshkent viloyatida hududning investisiya jozibadorligini oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan yangi, istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida ko'plab amaliy ishlarga qo'l urilmoqda. Jumladan, poytaxtdagi “Hayat” mehmonxonasida o'tkazilgan hamkorlik uchrashuvida Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan yangi loyiha istiqbollari muhokama qilindi.

Toshkent viloyati hokimining investisiya masalalari bo'yicha o'rinbosari Jamshid Abdusalomov, Misr Arab Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Amani Eleter, “Farmsanoat” agentligi vakillari hamda “Solyphar” kompaniyasining xorijiy hamkorlari ishtirok etgan uchrashuvda yangi investisiya loyihasining tashkiliy ishlari muhokama etilib, uch tomonlama kelishuv imzolandi. Kelishuvga ko'ra, kompaniya tomonidan Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan “Bo'stonliq-farm” zonasida umumiy qiymati 20 mln dollarga teng farmasevtika zavodi bunyod etiladi. Ma'lumot uchun, Misr Arab Respublikasining “Solyphar” kompaniyasi farmasevtika sanoatida etakchi kompaniyalardan biri sanaladi.

Toshkent viloyati Investisiyalar va tashqi savdo boshqarmasi axborot xizmatiga ko'ra, Farmasevtika zavodi ish boshlagach, unda virusga qarshi va gormonal qattiq tabletkalar, jelatinli kapsulalar, dori kukunlari, jami 120 turdagi dori-darmonlar ishlab chiqarilishi ko'zda tutilgan.

E'tiborlisi, loyiha ishga tushgach, 200 ta yangi ish o'rni yaratilib, unda asosan yoshlar va ayollarning bandligi ta'minlanadi. Shu bilan birga, tibbiyot sohasida qo'llaniladigan zarur sifatli va arzon dori-darmonlar mahalliylashtirilishiga erishiladi.