Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Toshkent viloyatida joriy yilgi investisiya loyihalari tufayli 13 ming kishining bandligi ta'minlanadi

Bugungi kunda Toshkent viloyatida investisiya jozibadorligini oshirish va hududga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investisiyalarni jalb etish borasida ko'plab amaliy ishlarga qo'l urilmoqda. Hududga olib kirilayotgan xorijiy sarmoyalar iqtisodiyot tarmog'i va unga turdosh sohalarni harakatga keltirish bilan bir qatorda, aholi, ayniqsa, ish bilan band bo'lmagan xotin-qizlar, yoshlar bandligini ta'minlash, daromad manbaini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ma'lumki, Prezidentimiz 8 fevral' kuni Andijon va Toshkent viloyatlaridagi investisiya loyihalari taqdimoti bilan tanishib, sanoatga ilm va innovasiyalarni faol jalb etish, mahsulotlar sifatiga alohida e'tibor qaratib, xaridorgirligini ta'minlash zarurligini ta'kidlagan edi. Shuningdek, hududning transport va turizm salohiyatidan oqilona foydalanib, xizmat ko'rsatishni rivojlantirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi. Albatta, bu bejizga emas.

Viloyatda bu yil 355 ta loyiha ishga tushiriladi. Umumiy qiymati 1 milliard 624 million AQSh dollar bo'lgan mazkur proektlarning 198 tasi sanoat, 81 tasi xizmat ko'rsatish, 76 tasi qishloq xo'jaligi sohasidadir. Bularning samarasida qariyb 35 milliard so'mlik ishlab chiqarish quvvati yaratilib, 13 ming kishining bandligi ta'minlanadi. 48 million dollarlik import o'rnini bosuvchi va 42 million AQSh dollarlik eksportbop mahsulot ishlab chiqariladi.

Buni sohalar kesimida tahlil qiladigan bo'lsak, sanoat yo'nalishida 198 ta loyiha ishga tushirilib, unda 7 ming 497 ta ish o'rni tashkil etiladi. Jumladan, qishloq xo'jaligida 192 million AQSh dollarlik 76 ta loyiha asosida 2 ming 897 ta yangi ish o'rni, xizmat ko'rsatish sohasida esa 139 million AQSh dollarga teng 81 ta loyiha asosida 2 ming 388 ta ish o'rni yaratilishi ko'zda tutilgan.

Xususan, raqamlar va ko'rsatkichlarni moliyalashtirish manbalari bo'yicha tahlil etadigan bo'lsak, bunda ishga tushiriladigan loyihalarning 38 foizi tadbirkorlarning o'z mablag'lari, 49 foizi to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investisiyalarni o'zlashtirish, 7 foizi xorijiy kreditlar va 5 foizi bank kreditlari hisobiga to'g'ri keladi. Ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida viloyatning iqtisodiy samaradorligi yanada ortib, eksport ko'rsatkichlari prognozi 42 million AQSh dollarni tashkil qilishi kutilmoqda. Natijada, ishlab chiqaruvchi korxonalardagi mahsulotlar mahalliylashtirilib, import o'rnini bosish ko'rsatkichlari 48 million AQSh dollarni, byudjetga tushum mablag'lari esa 668 milliard so'mni tashkil etadi.

– Aytish joizki, bugun tuman va shaharlar kesimida loyiha tashabbuskorlari tomonidan taqdim etilayotgan har bir yangi investisiya loyiha rejasi chuqur tahlil etilib, uning ijtimoiy, iqtisodiy jihatlariga katta ahamiyat qaratilmoqda, – deydi Toshkent viloyati hokimining investisiya masalalari bo'yicha o'rinbosari Jamshid Abdusalomov, – Masalan, loyiha ishga tushirilgach, unda qancha ish o'rni yaratiladi? Tashkil etilayotgan ish o'rinlariga kimlar qabul qilinadi? Uning qanday afzalliklari bor? Bunda birinchi navbatda viloyatning turli hududlarida “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “ Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarimizning mehnat bilan bandligini ta'minlash, hududlarga investisiya oqimining kirib kelishini yanada yaxshilash kabi maqsadlar ko'zda tutilgan. Shu bilan birga, ilgari import evaziga olib kelinayotgan ko'pgina sanoat mahsulotlari eng so'nggi zamonaviy texnologiyalar asosida o'zimizda ishlab chiqarilib, mahalliylashtiriladi. Bu esa aholining uzog'ini yaqin qilish bilan bir qatorda shu joyning o'zida arzon va sifatli mahsulotlarga bo'lgan ehtiyojini qoplab beradi. Bundan tashqari, viloyatda 187 ta yangi investisiya loyihasining amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Unga ko'ra, umumiy qiymati 428,3 million AQSh dollarlik zamonaviy loyihalar asosida 5 milliard 214 million so'm hajmdagi ishlab chiqarish quvvatlari yaratilib, ular asosida 8 ming 759 ta ish o'rni tashkil etiladi.

Masalan, “Metal produkt" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan joriy yil foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan 25 million dollar evaziga Ohangaron shahrida metall mahsulotlari ishlab chiqarish yo'lga qo'yilmoqda. Uning quvvati yiliga 60 ming tonna bo'ladi. Korxona o'z mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshlagach, hududda sanoat va qurilish sohasida foydalaniladigan turli o'lchamdagi metall quvurlar va shu kabi mahsulotlar mahalliylashtirilishiga erishiladi. Bu esa metall mahsulotlarining tannarxi pasayishi va mahsulot ishlab chiqarish hajmining ortishiga asos bo'ladi. E'tiborlisi, korxonada 150 kishi ish bilan ta'minlanadi.

Ma'lumki, avtoklav beton mahsulotlari bugungi kunda qurilish sohasi uchun eng zarur bo'lgan mahsulotlardan biri hisoblanadi. Angren shahridagi “ECOTON SHARQ” korxonasi joriy yilning iyul' oyida ishga tushirilishi ko'zda tutilgan. Korxona ishga tushirilgach, unda yiliga 300 ming metr kub hajmdagi avtoklav mahsulotlari ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. Loyiha asosida hududda 12 million dollar miqdorida xorijiy investisiya o'zlashtiriladi. Korxona ish boshlagach, unda 160 ta ish o'rni yaratiladi.

Xorijiy investisiya loyihalari asosida Bekobod shahrida amalga oshirilayotgan shisha plastik kompozit profillar ishlab chiqarish loyihasini ham aytib o'tish joiz. “BEKOBOD SINTEX” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sanoat uchun nihoyatda zarur bo'lgan ishlab chiqarish quvvati 1 ming 825 tonnaga teng shisha plastik kompozit profillar ishlab chiqarish faoliyati yo'lga qo'yiladi. Umumiy qiymati 4,6 million dollarni tashkil etuvchi loyiha ishga tushgach, unda 44 ta ish o'rni yaratilishi mo'ljallangan.

Texnika kun sayin rivojlanib borayotgan hozirgi davrda aholining sifatli va arzon maishiy texnika vositalariga bo'lgan ehtiyojini ta'minlash muhim ahamiyatga ega. Ma'lumki, ichki bozorda xorijnikidan aslo qolishmaydigan, mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan arzon va qulay uy-ro'zg'or va maishiy texnika vositalariga bo'lgan talab juda yuqori bo'lmoqda. Ohangaron tumanida “SIGMA TEHNO PRODUCTION” korxonasi tomonidan keng turdagi elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Ushbu loyiha asosida bozor talablariga mos, xaridorgir elektr choynaklari, changyutgichlar va shu kabi turli xil maishiy texnika vositalari tayyorlanadi. Loyihaning umumiy qiymati 10 million AQSh dollarni tashkil etuvchi mazkur korxona ishga tushgach, unda 250 nafar aholi ish o'rniga ega bo'ladi.

O'tgan yil butun dunyo uchun sinovli keldi. Pandemiya davrida xorijiy davlatlarning iqtisodiy va ijtimoiy holati Toshkent viloyatining xorijiy davlatlar bilan uzviy aloqalariga ta'sir etmasdan qolmadi. Shunday bo'lsa ham ko'mak va imtiyozlar natijasida viloyat tomonidan belgilangan reja ko'rsatkichlari ortig'i bilan bajarilishiga erishilgan edi.

Tahlillarga ko'ra, 2020 yil uchun viloyatda 56 ta loyiha doirasida 309,2 million AQSh dollar, shundan 270,5 AQSh million dollar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investisiyalarni o'zlashtirish belgilangan bo'lib, o'tgan vaqt davomida bu vazifa 122 foizga bajarildi. Shundan kelib chiqqan holda, 2021 yil uchun investisiya dasturini avvaldan shakllantirishga alohida e'tibor qaratildi. Bunda loyihalar amalga oshiriladigan hududning o'sish nuqtasiga mosligi, xorijiy hamkori moliyaviy holati, asbob-uskunalarni etkazib berilishi hisobga olindi.

Kutilayotgan natijalardan esa umidlar katta.