Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Toshkent viloyati Turkiyaning Xatay provintsiyasi bilan yaqin iqtisodiy hamkorlikni yo'lga qo'yadi

Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov Turkiya Respublikasining Xatay provintsiyasi hokimi Lyutfi Savash boshchiligidagi delagatsiya bilan uchrashdi.

Uchrashuvda metallurgiya sanoati, savdo-sotiq, qishloq xo'jaligi, ishlab chiqarish kabi yo'nalishlarda hamkorlik qilish imkoniyatlari va istiqbollari muhokama etildi.

Ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda O'zbekiston va Turkiya prezidentlarining do'stona munosabatlari, birgalikdagi sa'y-harakatlari natijasida mamlakatlarimiz o'rtasida turli sohadagi hamkorlik kengaydi. Shuni e'tiborga olib, ikki viloyat turli sohalarda hamkorlikni kengaytirishi va bu orqali hududlarning rivojlantirishga erishilishi bu boradagi sa'y-harakatlarning amaliy samarasidir. 

Muloqot davomida mehmonlarga hududlarning ixtisoslashuvi, tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ichki imkoniya, qurilish va bunyodkorlik, aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida ma'lumot berildi.

Xususan, Xatay provintsiyasi temir-po'lat mahsulotlari ishlab chiqarish rivojlangan. Logistika nuqtai-nazaridan Turkiyadagi uchinchi viloyat hisoblanadi. Qishloq xo'jaligida meva-sabzavot mahsulotlari, ayniqsa, tsitrus mevalarning 17 foizi mazkur hududdan eksport qilinadi. Umuman olganda, iqtisodi va sanoat sohasidagi imkoniyatlari jihatidan mamlakat bo'yicha ettinchi o'rinda turadi. 

Mazkur delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida Iskandarun shahrining savdo-sanoat palatasi raisi ham kelgan bo'lib, unga 7 mingdan ortiq Xataylik ishbilarmonlar a'zo hisoblanadi. Shuningdek, Antakiya shahrining maxsus sanoat zonasi vakillari ham o'zaro hamkorlik qilish maqsadida Toshkent viloyatida bo'lib turibdi. Ular bilan birgalikda bir qator turkiyalik tadbirkorlar ham B2B uchrashuvlarida qatnashadi. 

Davron Hidoyatov delegatsiya a'zolariga Toshkent viloyatida Xatay provintsiyasi sanoat zonasining filialini ochish, ikki davlat tadbirkorlari hamkorikda ishni tashkil qilish bo'yicha taklif bildirdi. Turkiyalik mehmonlar bu tashabbusni yuqori baholadi. 

–  Toshkent viloyatiga faqat sayohat uchun emas, balki hudud tajribasini o'rganish va hamkorlik qilish uchun keldik, – Xatay provintsiyasi hokimi Lyutfi Savash. – Bizning tadbirkorlarimiz ham o'zbekistonlik qardoshlar bilan birga yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor. Uchrashuvda bu boradagi amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlarni atroflicha muhokama qildik. Bizning takliflarimizga berilayotgan e'tibordan mamnunmiz. 

Ta'kidlash joizki, muloqotdan ko'zlangan asosiy maqsad yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yish, hududlar tajribasini keng targ'ib qilish va yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini tashkil etishga qaratilgan. 

Uchrashuv doirasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.