Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovning koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha viloyat aholisiga MUROJAATI

Qadrli yurtdoshlar!

Viloyatimizning jonkuyar fuqarolari, aziz yoshlar!

Kurrai zaminga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari viloyatimizda soʻnggi kunlarda keskin oʻsib borayotgani barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda. Xususan, keyingi bir haftada 217 nafar insonda mazkur xastalik aniqlangani, kunlik oʻsish hajmi 2-3 barobarga oʻsib ketayotgani, eng achinarlisi,  infeksiya yuqtirganlar orasida oʻlim darajasining keskin oshganligi barchamizdan yanada hushyor va sergak boʻlib, ofatga qarshi bir tanu jon boʻlib kurashishni, karantin cheklovlarini qaytadan kuchaytirish va unga soʻzsiz amal qilishni taqozo etmoqda.

Ta’kidlash kerakki, joriy yilning 2 fevralidan shu kunga qadar chet eldan charter reyslari hamda chegara postlari orqali mamlakatimizga olib kelingan jami 70 mingga yaqin vatandoshimiz karantin zonalariga joylashtirilgan.

Jumladan, ayni paytda Yuqori Chirchiq karantin poligonida 14 ming 830 nafar fuqaro statsionar sharoitda tibbiy kuzatuvga olingan. Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda boshqa tibbiyot muassasalarida esa jami 563 nafar fuqaro karantin muddatlarini oʻtamoqda. Yana 8 mingdan ziyod fuqaro uy sharoitida karantinda qolmoqda.

Toshkent viloyatida doimiy roʻyxatda turgan fuqarolardan 966 nafarida koronavirus kasalligi tasdiqlangan boʻlib, shundan 586 nafar fuqaro sogʻayib, tibbiy reabilitatsiya markazlariga va yashash manzillariga joʻnatildi. Bugun viloyatimizdagi tibbiyot va karantin muassasalarida kechani kecha, kunduzni kunduz demay 49 nafar shifokor, 836 nafar hamshira, 690 nafar kichik tibbiy va texnik xodim, jami 1574 nafar salomatlik posbonlari bu ofatga qarshi jiddiy kurash olib bormoqda.

Joriy yilning 10 iyul kuni soat 00:01 dan boshlab har qanday transport vositalarida Nurafshon shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Nurafshon shahridan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan, viloyat tuman va shaharlariga chiqish toʻxtatildi.

Nurafshon shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bogʻliq hollarga, shuningdek, Nurafshon shahrida doimiy yashovchi (roʻyxatdan oʻtgan) shaxslarga, Nurafshon shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, viloyat boshqarma, idora va tashkilotlarida mehnat qilayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirigʻiga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas’ul xodimlarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qoʻyildi.

Qadrli doʻstlar!

Viloyatda koronavirus pandemiyasining hudud iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida alohida shtab faoliyat olib bormoqda. Iqtisodiy blok xodimlari tadbirkorlik sub’ektlari bilan doimiy muloqot qilib, ularni qiynayotgan masalalarni oʻrganib bormoqda. Viloyatda aksariyat koʻngilochar, sport, maishiy xizmat koʻrsatish muassasalari, oziq-ovqat va buyum bozorlari faoliyati toʻxtab qolgani bilan barcha ishlab chiqarish korxonalari, oziq-ovqat bilan savdo qiluvchi nuqtalar, dorixonalar, tibbiyot maskanlari faoliyatini davom ettirmoqda. Aynan shu muassasalarda faoliyat yurituvchi fuqarolarning bir hududdan ikkinchi hududga kirishi yoki chiqishi uchun sharoitlar yaratilgan.

Viloyatdagi barcha ishlab chiqaruvchi – bu sanoat korxonalarimi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarmi, issiqxonalarmi, toʻqimachilik sanoati korxonalarimi yoki istalgan boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar boʻlishidan qat’iy nazar, barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun yuk tashuvchi avtomashinalar viloyat hududida hech qanday ruxsatnoma va  toʻsiqlarsiz harakat olib bormoqda.

Shuningdek, viloyat hokimligi, viloyat iqtisodiyot, moliya, soliq boshqarmalari xodimlaridan iborat maxsus guruh tomonidan hozirda koronavirus pandemiyasidan aziyat chekkan tadbirkorlar uchun soliq ta’tillari yoki imtiyozlari berish boʻyicha arizalar qabul qilinmoqda.

Shuningdek, barcha tijorat banklari tadbirkorlarimizga ajratilgan kreditlar boʻyicha toʻlovlar muddatlarini uzaytirish choralarini koʻrmoqda. Bugungi kunga qadar 7 ming 142 ta tadbirkor va 135 ming  nafardan ortiq jismoniy shaxsning 1 trln. 498 milliard soʻmlik kredit muddatlari uzaytirib berildi.

Bundan tashqari, shtab a’zolari tomonidan eksportchi korxonalarga byudjetdan qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish, vaqtincha daromadidan mahrum boʻlgan soha (ayniqsa, turizm sohasi) xodimlarini qoʻshimcha byudjet mablagʻlari hisobidan jamoat ishlariga jalb qilish yoki boshqa yordamlar berish kabi muammolarni hal qilish boʻyicha ham tizimli  ish olib borilmoqda.

Yana bir muhim masala, bu bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlashdan iborat. Ming afsuski, el boshiga mana shunday sinovli kunlar tushganidan, oziq-ovqat va iste’mol tovarlariga boʻlgan talabning oshib borayotganidan foydalanib qolishni oʻylaydigan ayrim insofsiz  tadbirkorlar tomonidan narxlar asossiz ravishda oshirib yuborilayotgan holatlar ham uchrab turibdi. Bu borada tegishli xizmat xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari yanada kuchaytiriladi va viloyatda narx-navo barqarorligini saqlash uchun barcha zarur choralar koʻriladi.

Shuningdek, tibbiy niqoblar, antiseptik vositalar ham dorixonalarimizda yetarli. Ularni ishlab chiqarish uchun barcha resurslar oʻzimizda mavjud, ularni tayyorlash va markazlashgan holda dorixonalar va savdo nuqtalariga yetkazib berishda hech qanday muammolar boʻlmaydi.

Bundan tashqari, viloyatdagi 20 mingdan ortiq fuqarolarimiz kam daromadli va ijtimoiy himoyaga muhtojligi inobatga olingan holda “Saxovat va koʻmak” loyihasi tashkil etilgan. Karantin davrida ijtimoiy ahvoli ogʻirlashgan, boquvchisini yoʻqotgan, kam ta’minlangan hamda nogironligi mavjud boʻlgan oilalarga saxovatli tadbirkorlar va fuqarolar tomonidan 2 mlrd. 957 mln. soʻm miqdoridagi ijtimoiy yordamlar koʻrsatildi va bu jarayon bundan buyon ham izchil davom etadi.

Hurmatli viloyatdoshlar!

Mamlakatimizdagi bugungi murakkab epidemiologik vaziyat barchamizdan yanada ogoh boʻlishni, oʻzimiz va yaqinlarimiz salomatligi uchun mas’ul ekanimizni bir lahza ham unutmay yashashni, karantin cheklovlari va sanitariya qoidalariga soʻzsiz amal qilishni talab etmoqda. Muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bugungi sinovli kunlarda yuksak tafakkur, temir intizom, sabr-toqat va shaxsiy mas’uliyat eng ta’sirchan qurolimiz boʻlishi kerak. Ana shundagina bu sinovli kunlarni mardonavor yengib, ertangi yorugʻ va nurafshon kunlarga albatta yetajakmiz!