Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovning 1 oktyabr - Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha vakillariga bayram tabrigi

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Avvalo, barcha-barchangizni, hammamizga dunyoni tanitgan, ustoz degan sharafli nomni ulugʻlab kelayotgan hurmatli ustozlarimizni umumxalq bayrami — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugun butun dunyo pandemiya sharoitida yashayotganiga, mamlakatimizda ham koronavirus infeksiyasi tarqalib, turmush tarzimizni batamom oʻzgartirib, bayram va tantanali marosimlarni oʻtkazishni nechogʻli cheklab qoʻygan boʻlmasin, ushbu qutlugʻ ayyomni mamlakatimizda mana bunday oʻziga xos tarzda nishonlanishida katta ma’no bor. Mana shu shukuhli lahzada hech shubhasiz, birinchi navbatda qadrdon maktabimiz, bizga harf oʻrgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi koʻz oldimizda namoyon boʻlib turibdi. 

Muhtaram Prezidentimizning siyosiy maydonga kelgan ilk kunlaridanoq yurtimizda ilm-ma’rifat rivojiga berayotgan e’tiborlari, ayniqsa, ustoz-murabbiylarning jamiyatda tutgan oʻrni va mavqeini munosib darajaga koʻtarish borasidagi ishlari barchamiz uchun yuksak ibrat namunasi, yuksak insoniylik maktabi, desam aslo yanglishmagan boʻlaman. Zotan, buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham ustoz va murabbiylarning millat tarbiyasi yoʻlidagi olijanob mehnatlarining haqini ado etib boʻlmaydi.

Jonajon mamlakatimiz, muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Oʻzbekistonimizda Uchinchi Renessansga zamin tayyorlanayotgan, oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi davriga qadam qoʻygan hozirgi kunda olib borilayotgan barcha islohotlarning muvaffaqiyati, mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib oʻrin egallashi, avvalo, ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining rivoji bilan, bu borada bizning dunyo miqyosida raqobatdosh boʻla olishimiz bilan uzviy bogʻliq, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Ochigʻi, soʻnggi uch-toʻrt yil ichida ta’lim tizimida qilingan oʻzgarishlarni bir ogʻiz gap bilan ifolash nihoyatda qiyin. Oʻn bir yillik maktab ta’limiga oʻtilishi deymizmi, ma’lum bir fanlarga ixtisoslashgan maktablarning tashkil etilayotganini olamizmi, oʻqituvchi va tarbiyachilarning dala ishlari va boshqa majburiy mehnatga jalb etish kabi illatlarga batamom barham berilganini aytamizmi, bularning hamma-hammasi eng avvalo, xalqimiz koʻnglidagi ish boʻldi. Eng muhimi, ta’lim siyosatini yuritish, bu yoʻnalishdagi islohotlarning borishi shaxsan muhtaram Yurtboshimizning bevosita rahbarligi va qat’iy nazoratida ekanini barchamiz chuqur anglab, har qadamda his qilib turibmiz. 

Xususan, muhtaram Prezidentimiz kuni kecha soha vakillariga yoʻllagan bayram tabriklarida aytgan gaplari biz – hududiy ijro organi rahbarlariga yanada mas’uliyat yukladi. Endilikda haftasiga bir kun ta’lim tizimi masalalari bilan shugʻullanamiz.

Toʻgʻri, shu paytgacha ham bu ishlar bilan shugʻullanardik, ammo davlatimiz rahbarining kechagi nutqida berilgan topshiriqlar bu borada tamomila yangicha yondashuvni talab qiladi.

Prezidentimizning mazkur nutqida ta’lim sifatini oshirish, kelajagimiz egalari, umid va iftixorimiz boʻlgan farzandlarimizga har taraflama chuqur va mukammal bilim berish, oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini yanada oshirish, ularni muttasil ravishda moddiy va ma’naviy jihatdan ragʻbatlantirib borish kun tartibidagi eng dolzarb masala sifatida tilga olingani ham bejiz emas. Bu shunchaki gap ham emas, binobarin, joriy islohotlar maromi mana shu marra sari ketilayotganidan darak berib turibdi. Qars ikki qoʻldan deganlaridek, mana shunday kunlar tezroq kelishi uchun barchamiz belni mahkam bogʻlab mehnat qilishimiz kerak. 

Ayni vaqtda biz ham, oʻz navbatida, viloyatimizda ta’lim-tarbiya muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, muallimlar, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish, xorijdagi yetakchi ta’lim markazlari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlikni kuchaytirish, oʻquv-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim va axborot texnologiyalarini, yangi oʻquv metodikalarini joriy etish boʻyicha oldimizga koʻlamli vazifalar belgilab olganmiz, ularning nechogʻlik muhim va shoshilinch ekanini yaxshi anglaymiz va ularning yechimi ustida doimiy ish olib boramiz.

Yana bir bor barchamizga bugungi umumxalq bayrami — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni muborak boʻlsin! Doimo sogʻ-omon boʻling, aziz ustozlar!

E’tiboringiz uchun rahmat!