Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatovning Navroʻz bayrami munosabati bilan viloyat aholisiga tabrigi

Har yili   yasharish va yangilanish,  tinchlik va ezgulik ramzi – Navroʻz ayyomi oʻzgacha kayfiyatda kutib olinadi.  

Tabiatning goʻzalligiga peshvoz chiqish oʻzgacha boʻlib, Navroʻz bilan bogʻliq milliy qadriyat va marosimlarni boshqa bayramlar bilan solishtirib boʻlmaydi.

Fursatdan foydalanib,  viloyatimiz ahlini mehr-muruvvat, yasharish va yangilanish fasli Navroʻz ayyomi bilan chin qalbimdan  tabriklayman.

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, “Avesto” zamonlaridan buyon saqlanib kelinayotgan qadimiy urf-odatlarimizda asriy  udumlar  mujassam ekanligini  kuzatish mumkin. Navroʻz azal-azaldan mehr-muruvvat, oqibatlilik tantanasi hisoblanadi.

Bayram arafasida  viloyatimizni  yanada koʻrkam hududga aylantirish borasida tashkil etilgan hasharda ishtirok etgan  yoshu keksalarimizning obodlikka qoʻshgan hissalari alohida e’tibor va e’tirofga loyiq boʻldi desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Zero, obodlik har birimizni xonadonimiz, koʻchamiz, mahallamiz hamda  koʻnglimizdan boshlanadi.  Ushbu tuygʻular barcha goʻshalarni  chiroy ochishiga, hududlarni obod etishga  chorlaydi.

Viloyatning barcha hududlarida “Yashil kelajak” aksiyasi nomi ostida daraxt ekish tadbirlari davom etayotganligini alohida ta’kidlash lozim. Xususan, aksiya doirasida viloyat boʻyicha 2 million tupga yaqin mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekish koʻzda tutilgan boʻlib, bu borada  amaliy ishlar olib borilmoqda.

Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar va koʻzda tutilgan rejalar  haqida gap ketganda, avvalo,  keyingi yillarda  viloyat  ekoturizm maskaniga aylanib borayotgani, shu bois, viloyatga kelib-ketuvchi sayyohlarning soni ortganini alohida ta’kidlash joiz.

Xorijlik sayyohlar fikriga koʻra,  birgina Boʻstonliq tumani asosan, uch jihati bilan ularni oʻziga rom etarkan. Birinchisi, hududning oʻziga xos iqlimi boʻlsa, ikkinchisi, u yerdagi ajabtovur tabiat yodgorliklari, uchinchisi esa antiqa taomlari ekan. Aslida viloyatda e’tirof etsa arziydigan maskanlar haqida koʻp gapirish mumkin. 

Xususan, Parkent tumanidagi Hazrat Ali Buva, Zarkent ota, Shodmalik bobo,  Gʻavsul A’zam, Zangitoa tumanidagi Zangiota, Anbar bibi maqbarasi Bekobod tumanidagi Qizil mozor, Piskent-Olmaliq yoʻnalishidagi Boʻgʻziyon ota ziyoratgohlari, Boʻstonliq tumanidagi Qulasa sharsharasi,  Oqsoq ota ming yillik archasi, Zombot sharsharasi,  Kindiktepa yodgorligi,  Olmaliq shahri atrofidagi Qirq qiz bulogʻi, Sardoba va boshqalar shular jumlasidandir. 

Iqtisodiyotimizning yetakchi soha va tarmoqlari jadal taraqqiy topayotgani, viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning dunyo bozorida raqobatdoshligi ortib borayotgani – bularning barchasi erishilayotgan yutuqlarning mustahkam poydevoridir.

Davlatimiz rahbarining koʻrsatma va topshiriqlaridan kelib chiqib, bugungi kungacha viloyatda faol investitsiya muhitini yaratish, sanoat va eksport salohiyatini kengaytirish, mavjud resurslardan toʻliq va sifatli foydalanish evaziga yangi ish oʻrinlaridan iborat loyihalarni  amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Xususan, yil boshidan buyon,  qurilish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, kommunal, ichki yoʻllarni  ta’mirlash  borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi.

Oʻzaro hamjihatlikda istiqomat qilayotgan Toshkent viloyatidagi insonlarning ertangi kundan umidi katta, ular azal-azaldan halol mehnati, shijoatkorligi bilan hurmat topib kelgan. Bu tashabbuskorlik esa barchani yangidan-yangi bunyodkorliklarga, tolmasdan mehnat qilishga chorlaydi.

Ta’kidlash joizki, viloyat markazi  Nurafshon shahri ham eniga, ham boʻyiga kengaymoqda. Yangi yoʻllar, koʻchalar barpo etilmoqda. Ular atrofida koʻp qavatli uylar qad rostlamoqda. Ma’muriy binolar, maishiy xizmat uylari, savdo doʻkonlaridan tashqari bolalar uchun oʻyingohlar, sport maydonlari, rang-barang tovlanuvchi favvoralar ishga tushirilmoqda. Bu yerda oʻquv yurtlari qad rostlaydi. Yangi, obod maskanlar paydo boʻladi. 

Odatda, har bir shaharning oʻziga xosligini namoyon qiluvchi jihatlari boʻladi. Masalan, Samarqand, Buxoro, Xiva tarixiy obidalari, yodgorliklari, Namangan gullari, Termiz mamlakatimiz janubi va Amu boʻyidagi jilvakor shahar deb e’tirof etiladi. Nurafshon zamonaviy shaharsozlikda mamlakatimizda e’tirofga munosib  shahar boʻladi.

Hurmatli viloyatimiz aholisi, sizlarni yana bir bor mehr-muruvvat, yasharish va yangilanish fasli boʻlgan Navroʻz bayrami bilan chin dildan tabriklayman. Barchangizga sogʻliq-salomatlik, ishlaringizga rivoj, baxt, saodat tilayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin. Soʻzimning yakunida hammaga buyuk Alisher Navoiy bobomizning “Har kunimiz Navroʻz boʻlsin!” degan soʻzlarini eslatib, har bir kunimiz bayram boʻlsin deyman.