Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Saylovoldi dastur omma e’tiborini tortmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narimon Majitovich Umarovning Toshkent viloyatidagi ishonchli vakili Mavluda Berdiqulova saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvini Qibray, Zangiota va O‘rta chirchiq tumanlarida o‘tkazdi.

O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi, xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashlari deputatlari, Qibray, Zangiota va O‘rta chirchiq tumanlari aholisi, tibbiyot xodimlari, umumta’lim maktablarining o‘qituvchilari, o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlarining yoshlari ishtirok etgan tadbirda, saylovchilar o‘zlarining siyosiy faolligini namoyon etishdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi raisi Ravshan Talipov ochib berdi. Shundan so‘ng, ishonchli vakil M.Berdiqulova so‘zga chiqib, nomzod Narimon Umarovning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. U dasturning mazmun-mohiyatini bayon qilib, qo‘llab-quvvatlashga loyiq g‘oyalar mavjudligini asoslab berdi.

Mohira Xolmatova, xalq deputatlari Qibray tumani Kengashi deputati:
Hozirgina dasturning mazmunini tinglar ekanmiz, uning ustuvor yo‘nalishlari va ilgari surilgan maqsad-vazifalar, mamlakatimiz taraqqiyotining keyingi besh yilligiga har tomonlama mos tuzilganligiga guvoh bo‘ldik. Aynan dasturda belgilangan rejalar O‘zbekistonimizni har sohada rivojlantirish, yurtimizda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, xalqimiz uchun tinch va farovon turmush sharoitini yaratishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, Qibray tumani qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hudud ekanligidan kelib chiqib, nomzodning saylovoldi dasturida ekin yerlarida yetishtirilayotgan mahsulotlarning sifatini yaxshilashga, paxta va g‘allaning yanada unumdorligini oshirishga, agrar-sektorni rivojlantirishga qaratilgan ezgu maqsadlar o‘rin olganligini qo‘llab-quvvatlayman.

Mehrizod Biloliddinova, Zangiota tumani 65-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi:
- Saylovoldi dastur bilan tanishib shunday xulosaga keldimki, uning ta’lim sohasiga oid jihatlari hech bir pedagogni befarq qoldirmaydi, deb o‘ylayman. Ayniqsa, ta’lim tizimini yanada rivojlantirish borasida ilgari surilgan istiqbolli takliflar o‘qituvchi sifatida meni alohida diqqatimni tortdi. Dasturda belgilanganidek, umumta’lim maktablarida ijtimoiy adolat va tenglik tamoyillarining qaror topishiga erishish, sinflardagi o‘quvchilar sonini optimallashtirish, elektron o‘quv-ta’lim dasturlari va multimedia mahsulotlari miqdori va sifatini oshirishga qaratilgan maqsadlar yuzasidagi chora-tadbirlarning mavjudligi quvonarlidir. Mana shunday ulkan va maqsadli rejalarning jo bo‘lgan dasturni nafaqat men, balki barcha ta’lim vakillari qo‘llab-quvvatlashiga ishonchim komil.

Xolida Rayimqulova, O‘rta chirchiq tumani tibbiyot birlashmasi shifokori:
Bugungi uchrashuvda bir qator soha vakillarini dastur yuzasidan fikr-mulohazalarini tingladik. Shu o‘rinda shifokor sifatida shuni ta’kidlashim kerakki, dasturda aholining barcha ijtimoiy qatlamlarini sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini ta’minlash, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari doirasida tibbiy xizmatlar tizimini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirish lozim bo‘lgan g‘oyalar, menda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, dasturda mahalliy farmatsevtika korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ayollar tibbiy maslahatxonalari, tug‘ruq majmualari, ginekologiya va patronaj xizmatlari faoliyatini takomillashtirish kabi ustuvor vazifalarning mavjudligi barcha tibbiyot xodimlariga manzur bo‘lishiga ishonaman.
Tadbir yakunida yig‘ilganlarni saylovoldi dasturi yuzasidan qiziqtirgan savollariga M.Berdiqulova atroflicha javob berdi va ishtirokchilarni “Adolat” SDPdan ko‘rsatilgan nomzod Narimon Majitovich Umarovga ovoz berishga chaqirdi.