Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

PRESS - RELIZ

Toshkent viloyati hokimligi vakillari Belarus Respublikasida bo‘lib, o‘zaro hamkorlikka oid qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Unda Toshkent viloyati hokimi G‘.Ibragimov va Minsk viloyatining ijroiya qo‘mitasi raisi A.Isachenko o‘rtasida o‘tgan uchrashuvda 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan Minsk va Toshkent viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbir rejasi ("Yul xaritasi") imzolandi.

Shuningdek, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida sut va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik loyihalari taqdim etildi. Dunyoning yetakchi brendi hisoblangan «Zdravushka-Milk» aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda qo‘shma korxona tuzishga qaratilgan kelishuvga erishildi. Bunda Toshkent viloyatida zamonaviy chorvachilik klasteri tashkil etilib, sut va go‘sht mahsulotlari yetishtiriladi va qayta ishlanadi. Bu jarayonda Belarusdan 2 mingta naslli qoramol va zarur qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib beriladi.
Chet el investitsiyasi hisobidan moliyalashtiriladigan bu loyihaga Bo‘ka tumanidan 1 ming 200 gektar yer maydoni ajratiladi.

Tashrif doirasida Toshkent viloyati hokimi G‘.Ibragimov Belarus Respublikasi Millatlar yigini kengashi raisi M.Myasnikovich bilan ham uchrashdi. Muloqot chog‘ida iqtisodiy-ijtimoiy, ilm-fan va ta’lim, investitsiyaviy hamkorlik, gumanitar sohalar bo‘yicha aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari Olmaliq shahri hokimi O‘.Karimov va Minsk viloyati Jodina shahri ijroya ko‘mitasi raisi D.Zabloskiy o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Shuningdek, «Dzerjinskiy Agrokombinat» aksiyadorlik jamiyati bilan Toshkent viloyatida zamonaviy agroklaster tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Viloyatning salohiyati hamda ichki bozori marketingini yuritish bo‘yicha o‘rganishlar olib borish uchun agrokombinat rahbar va mutaxassislari O‘zbekistonga taklif qilindi.

Belarussiya qishloq xo‘jaligi vazirligida kechgan uchrashuv samarali va o‘zaro manfaatli kelishuvlarga boy bo‘ldi. Xususan, unda naslli qoramollar va zamonaviy zootexnika vositalarini yetkazib berish, veterinariya mutaxassislarni tayyorlash, veterinariya preparatlarini ishlab chiqarish korxonasini qurish kabi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Serhosil kartoshka navlarini Toshkent viloyati sharoitida ekish va ko‘paytirish masalalarida vazifalar belgilab olindi.

Toshkent viloyatida hamkorlikda «Mark Farmel» kompaniyasi ko‘magida zamonaviy to‘qimachilik va tikuvchilik korxonasini tashkil etish, mebel va qurilish mollari ishlab chiqarishdagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Toshkent viloyati hokimligi delegatsiyasining Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida, umumiy qiymati 17 million dollarga yaqin 7 ta investitsion loyihani amalga oshirish orqali 800 ga yaqin ish o‘rni yaratish, 12 million dollardan ziyod eksportni amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.