So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
O'zbekiston yangiliklar

“Oʻzbekiston — AQSH — Afgʻoniston” shaklidagi birinchi majlis toʻgʻrisida

28.05.2020
27-may kuni videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan “Oʻzbekiston — AQSH — Afgʻoniston” birinchi uch tomonlama majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Tadbir Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Devid Xeyl va Afgʻoniston Tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar ishtirokida oʻtdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari “Oʻzbekiston — AQSH — Afgʻoniston” uch tomonlama shakli Afgʻonistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash, shuningdek, ushbu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb etishga qaratilgan amaliy takliflar tayyorlash boʻyicha dolzarb maslahatlashuv mexanizmi ekanini qayd etdilar.

Tomonlar Afgʻoniston inklyuziv hukumatini shakllantirish va Milliy yarashuv boʻyicha Oliy kengashni tashkil etish toʻgʻrisidagi joriy yil 17-mayda imzolangan siyosiy bitim tuzilishini, Afgʻoniston hukumati va “Tolibon” harakati tomonidan mahbuslarni ozod qilish amaliyoti davom ettirilishini yuqori baholadi.

“Surxon – Puli – Xumri elektr uzatish liniyasi, Pokiston dengiz portlariga chiqish imkonini beruvchi “Mozori-Sharif – Kobul”, “Mozori-Sharif – Hirot” temir yoʻllari qurilishi kabi muhim loyihalarni jadal hayotga tadbiq etish zarurligi taʼkidlandi.

Videokonferensiya ishtirokchilari qayd etganidek, SOVID-19 pandemiyasi afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatish, avvalo, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligini taqozo etmoqda.

Muloqot chogʻida AQSH va Afgʻoniston vakillari Oʻzbekiston rahbariyatiga Afgʻonistonga tovarlarni uzluksiz yetkazib berishni, shuningdek, koronavirus tarqalishi davrida tranzit yuk tashishni taʼminlagani uchun minnatdorlik izhor etdi.

Ishni optimallashtirish va uch tomonlama shaklda hamkorlikni samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha tegishli ishchi guruhlarini tashkil etishga kelishib oldilar.

Tadbir yakunida “Oʻzbekiston — AQSH — Afgʻoniston” uch tomonlama uchrashuvining Qoʻshma bayonoti qabul qilindi.



Manba: O'zA

  • 140