So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
Hokimiyat yangiliklari

Katta hirmon oldidan

Katta hirmon oldidan
28.05.2020
Piskent tumanida g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Karantin tartib-qoidalariga muvofiq tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Alimbekov, tuman hokimi Shuhrat Axmedov, viloyat dehqon, fermerlar va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Rustam Qosimov, “Ohangarondon” AJ boshqaruvi raisi Alisher Rixsiyev, sektor rahbarlari, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari, mashina-traktor parklari hamda fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi bir qator qishloq xo‘jaligi korxona va tashkilotlari vakillari, otryad rahbarlari, kombayn operatorlari ishtirok etdi.

-Joriy yil tumandagi 183 fermer xo‘jaligi tomonidan 9 ming 100 gektar yerda bug‘doy yetishtirilmoqda, - deydi Piskent tuman hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Murod Abdurahmonov. Bu yilgi ob-havo sharoiti g‘allachilik uchun maqbul kelgani, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va belgilangan me’yorlarga muvofiq o‘tkazilishi natijasida mo‘l hosil yaratildi. Gektaridan kamida 80 syentnerdan oshirib hosil olishni rejalashtirganmiz. 73 ming 247 tonna g‘alla xirmoni uyish, davlatga 30 ming 33 tonna bug‘doy sotish mo‘ljallanmoqda.

Seminarda yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olish bo‘yicha ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.

O‘rim mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil qilish uchun tumanda 24 otryad shakllantirilgan. Yuqori unumli 24 ta "DJonder", "Claas", “Keys” kombayni safarbar etilgan. Ularning har biriga g‘alla tashish uchun 5 tadan yuk tashuvchi mashina biriktirilgan.

Seminar davomida texnikalarning mavsum oldidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani, yong‘inga qarshi vositalar bilan jihozlangani, otryad a’zolarining favqulodda vaziyatlarda harakatlanish, xavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari ko‘rikdan o‘tkazildi. Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari va kombayn operatorlari ishtirokida ish jarayonida yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Ko‘rgazmali tarzda o‘tgan seminarda o‘rim mavsumida vaqt yo‘qotmaslik va otryadlarga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan ko‘chma yotoqxonalar, don qabul qilish shoxobchasida tashkil etilgan tez tayyorlanuvchi oziq-ovqat mahsulotlari savdosi ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, o‘rim mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha mavjud kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Tuman hokimi Shuhrat Axmedov tomonidan mutasaddilarga otryadlarni shakllantirish, vazifalar taqsimoti, kombayn operatorlari va haydovchilarga ish haqi ajratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Seminar yakunida kombayn operatorlariga “Agrobank” ATB xodimlari tomonidan 500 so‘mdan avans puli, un, o‘simlik yog‘i, piyoz kabi oziq-ovqat mahsulotlari berildi.


Manba: Piskent tuman hokimligi Axborot xizmati

  • 115