Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 3 avgustdagi PQ-1167-sonli “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori

«Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili» Davlat dasturini ijro etish hamda qishloq aholi punktlarining bosh rejalari va arxitekturaviy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga muvofiq tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirish asosida qishloq aholisining turar-joy sharoitlarini tubdan yaxshilash maqsadida:
1. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan namunaviy loyihalar bo‘yicha uy-joy va ijtimoiy ahamiyatdagi ob’ektlar qurishning tajriba loyihalarini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan 42 ta yer massivi tanlab olindi;
2009-2010 yillarda 260,5 mlrd.so‘m, shu jumladan, 2009 yilda — 65,5 mlrd. so‘m miqdorida tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qishloq aholi punktlarida yakka tartibdagi uy-joy qurilishini kreditlash manbalari aniqlab olindi.
2. «Qishloq qurilish bank» OATB ning namunaviy loyihalar bo‘yicha uy-joy qurilishida yakka tartibda imorat quruvchilarga ko‘mak berish uchun respublikaning har bir mintaqasida o‘z filialiga ega «Qishloq qurilish invest» ixtisoslashtirilgan sho‘ba injiniring kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin, uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
uy-joy bozorini marketing jihatdan o‘rganish va buning asosida qurish massivlarini, barpo etiladigan uy-joylar, ijtimoiy ahamiyatdagi ob’ektlar va muhandislik infratuzilmalari tarkibi hamda tuzilmasini tanlab olish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
qishloq aholi punktlarida yakka tartibdagi yangi uy-joylar, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatdagi ob’ektlar va muhandislik infratuzilmalarini «tayyor holda topshirish» shartlarida buyurtmachi funksiyalarini shartnoma asosida bajarish, jumladan, moliyalashni tashkil etish va qurilishning borishi ustidan texnik nazorat o‘rnatish;
aholi buyurtmanomalariga muvofiq uy-joylar, shuningdek, namunaviy loyihalar bo‘yicha «tayyor holda topshirish» shartlarida ijtimoiy ahamiyatdagi ob’ektlar va muhandislik infratuzilmasi ob’ektlarini qurish buyurtmalarini ob’ektlarni sifatli qurishni ta’minlab bera oladigan amaldagi va yangitdan tashkil etilayotgan pudratchi qurilish tashkilotlari o‘rtasida tanlov asosida joylashtirish;
keyinchalik «Qishloq qurilish bank» OATB tomonidan beriladigan imtiyozli kreditlar hisobidan uzil-kesil hisob-kitob qilingan holda namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilgan yakka tartibdagi uylarni aholiga berish, shuningdek, muhandislik infratuzilmasi, ijtimoiy-madaniy va sanitariya-maishiy ahamiyatdagi ob’ektlarni ekspluatatsiya tashkilotlariga topshirish.
3. Quyidagi tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
«Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda uy-joy bozorini marketing jihatdan o‘rganish hamda aholining buyurtmanomalari asosida har yili 1 aprelgacha mintaqalar doirasida quriladigan uy-joylar va ijtimoiy ahamiyatdagi ob’ektlar hajmi, tarkibi va tuzilmasi bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan marketing jihatdan o‘rganish natijalari asosida har yili 1 maygacha O‘zbekiston Respublikasi «Ergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi va «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan yer massivlari tanlab olinadi hamda keyinchalik ular namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy va ijtimoiy ahamiyatdagi ob’ektlar qurish uchun «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasiga topshiriladi;
aniq yer uchastkasi va namunaviy loyihani tanlagan yakka tartibda imorat quruvchi «tayyor holda topshirish» sharti bilan turar-joy binosini qurishda buyurtmachi vazifasini bajarishi uchun «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi bilan shartnoma tuzadi;
yakka tartibda imorat quruvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi buyurtmachi sifatida «tayyor holda topshirish»sharti bilan namunaviy loyiha bo‘yicha yakka tartibdagi turar-joy binosi qurilishi yuzasidan barcha ishlar kompleksini tashkil etadi;
qurilish yakunlangandan keyin va yakka tartibda imorat quruvchi tomonidan dalolatnoma bo‘yicha turar-joy binosi qabul qilingandan so‘ng yakka tartibda imorat quruvchiga yer uchastkasini ajratish tuman (shahar) hokimining qarori bilan kimoshdi savdosi o‘tkazilmasdan umrbod meros qilib qoldiriladigan mulk tarzida rasmiylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (B.A.Xo‘jayev) «Qishloq qurilish bank» OATB, «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibdagi uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. «Qishloq qurilish bank» OATB:
O‘zbekiston Respublikasi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda ixtisoslashtirilgan «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda «Qishloq qurilish invest» kompaniyasining zarur moddiy-texnika bazasi yaratilishini nazarda tutgan holda uning ustav kapitalini shakllantirsin, shuningdek, kompaniyaning malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin;
zarur hollarda, bank ustav jamg‘armasi mablag‘larini garov tariqasida qaytarish asosida ajratib berilishini nazarda tutgan holda «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasini ushbu jamg‘arma mablag‘i hisobidan aylanma mablag‘lar bilan ta’minlasin.
5. Belgilansinki:
suv ta’minoti ob’ektlarini qurish respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
yakka tartibdagi uy-joy qurilishi massivlarida ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’ektlari qurilishi investorlar mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklari kreditlari hisobidan amalga oshiriladi;
ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari va tashqi muhandislik tarmoqlari qurilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va viloyatlarning mahalliy byudjetlari va homiylar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
ixtisoslashtirilgan «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi va uning mintaqaviy filiallariga zarur infratuzilmani tashkil etish uchun shartnoma asosida yer uchastkalarini ajratish tarzida yordam ko‘rsatsin;
O‘zbekiston Respublikasi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi va «Ergeodezkadastr»davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda, tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurishga tasdiqlangan bosh reja asosida har yili qishloq xo‘jaligi va o‘rmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan yer uchastkalari ajratilishini ta’minlasin;
«Qishloq qurilish bank» OATB kreditlari hisobidan tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi massivlarida barpo etiladigan muhandislik infratuzilmasi va ijtimoiy ahamiyatdagi ob’ektlarning ildam qurilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi:
tanlanadigan yer massivlarining muhandislik tarmoqlari va transport kommunikatsiyalari bilan ta’minlanganligi, ishga tushiriladigan uy-joy hamda ijtimoiy-madaniy va sanitariya-maishiy ob’ektlarga bo‘lgan amaldagi talabning mavjudligi kompleks ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin;
yakka tartibdagi uy-joy qurilishida qurilish normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan qattiq nazoratni amalga oshirsin.
8. «Qishloq qurilish invest» MChJ injiniring kompaniyasi 2017 yilning 1 yanvarigacha barcha turdagi soliq to‘lovlaridan hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi va byudjetdan tashqari umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va sog‘liqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2007 yil 18 maydagi PF-3878-son Farmonining 4-bandi qishloq joylarda «Qishloq qurilish bank» ATB, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va «Ipoteka bank» ATIB kreditlari hisobidan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda imorat quruvchilarga, shuningdek mazkur kreditlar bo‘yicha qarz oluvchi sheriklar hisoblanuvchi ularning oila a’zolari (er, xotin, ota-ona, farzandlar)ga nisbatan tatbiq etilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi uy-joy va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari qurilishiga ajratilayotgan mablag‘lardan, shu jumladan, «Qishloq qurilish bank»OATBning imtiyozli kreditlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli ravishda tekshiruvlar olib borsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh., 2009 yil 3 avgust, PQ-1167-son