Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Toshkent viloyatida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilish TARTIBI

Mazkur tartib Toshkent viloyati hokimligi faoliyati, hokimlikda o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risidagi axborotlarni xolis, tezkor va erkin tarqatish, shuningdek akkreditatsiya qilingan OAV vakillari (jurnalistlar)ning ishini O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tugilgan tartibda tashkil etish maqsadida viloyat hokimligi huzurida Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilishni belgilaydi.
Akkreditatsiya O‘zbekiston Respublikasining "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi, "Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi va OAVga doir boshqa qonun hujjatlari hamda akkreditatsiya Qoidalariga muvofiq, o‘tkaziladi.
OAVning viloyat hokimligi faoliyatini muntazam yoritib boradigan vakillari tegishli OAVning hokimlikdagi muxbiri sifatida akkreditatsiya qilinadilar. Ommaviy axborot vositalarining vakillarini akkreditatsiya qilish ishlarini viloyat hokimligi Axborot-tahlil xizmati tashkil etadi. Ya’ni Axborot-tahlil xizmati viloyat hokimligi huzurida akkreditatsiya qilish qoidalari, muddatlari va talab qilinadigan hujjatlar tug‘risida OAV tahririyatlarini oldindan xabardor qiladi.
Axborot-tahlil xizmati uz zimmasidagi vazifani bajarishda viloyat hokimligining tegishli tuzilmaviy bo‘linmalari, xususan Ishlar boshqarmasi bilan hamkorlik qiladi. OAVning tahririyatlari, xususan:
- axborot agentliklari 3 nafargacha (bunda jurnalistlardan 1 nafari fotomuxbir bo‘lishi nazarda tutilgan);
- teletahririyatlar 5 nafargacha (bunda teletahririyatlar 3 tadan guruh taqdim etishi va har bir guruh tarkibida alohida teleoperator, texnik xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar bo‘lishi nazarda tutilgan);
- radiotahririyatlar 1 nafargacha;
- kundalik nashrlar 2 nafargacha;
- haftalik nashrlar 1 nafargacha vakilni akkreditatsiya qilish uchun tavsiya etishlari belgilangan.
Oylik va boshqa nashrlar bir martalik akkreditatsiya uchun buyurtmanoma berishga haqli.
Akkreditatsiya qilish uchun OAV tahririyati viloyat hokimligiga rasmiy blankada yozilgan buyurtmanomasi takdim etiladi. Buyurtmanoma OAV rahbari tomonidan imzolanishi, muhr bilan guvohlantirilishi lozim. Buyurtmanomada ommaviy axborot vositasining nomi va turi, ixtisoslashuvi, tarqalish hududi, elektron pochta manzili (shu jumladan indeks), tahririyatning telefonlari va faks raqamlari, akkreditatsiya uchun tavsiya etilayotgan OAV vakilining (jurnalistning) familiyasi, ismi, otasining ismi, egallab turgan lavozimi, telefon raqamlari ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.
Buyurtmanomaga OAV davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi, ko‘rsatuv (eshittirish) olib borish uchun (elektron OAVga) berilgan litsenziya nusxasi, akkreditatsiya uchun tavsiya etilayotgan OAV vakilining (jurnalistning) pasportiga oid ma’lumotlar, 3x4 o‘lchamdagi to‘rt dona rangli fotosurati ilova qilinishi talab etiladi.
Akkreditatsiya uchun buyurtmanoma asl nusxada qabul qilinadi. Buyurtmanoma olingan kundan e’tiboran 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Yuqorida qayd etilgan ma’lumotlar ko‘rsatilmagan, shuningdek belgilangan muddatda berilmagan buyurtmanomalar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi. Akkreditatsiya qilish so‘ralgan OAV vakilining viloyat hokimligi faoliyati yuzasidan tegishli ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida Matbuot kotibi bilan muloqoti tashkil etilishi mumkin.
Akkreditatsiya qilingan OAV vakiliga (jurnalistga) 2 yil muddatda amal qiladigan "Akkreditatsiya guvohnomasi" topshiriladi. "Akkreditatsiya guvohnomasiga akkreditatsiya qilingan shaxsning 3x4 o‘lchamdagi rangli fotosurati tushiriladi, familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, OAVning nomi, guvohnomaning amal qilish muddati va tartib raqami yoziladi. Guvohnoma viloyat hokimi yoki o‘rinbosari tomonidan imzolanib, muhr bilan tasdiqlanadi. Guvohnomani akkreditatsiya qilingan OAV vakilining shaxsan o‘zi qabul qilib oladi.
Elektron OAVning texnik xodimlariga beriladigan "Akkreditatsiya guvohnomasi" viloyat hokimligiga ovoz yozish, suratga olish va yoritish apparatlarini olib kirish hamda binodan olib chiqish huquqini beradi.
Chet ellik muxbirlar, shu jumladan MDHda a’zo davlatlar muxbirlari ham akkreditatsiya qilinadilar. Akkreditatsiya qilingan chet ellik muxbirlarga tegishli shakldagi guvohnoma beriladi. OAVning tahririyatlari, agar zarurat taqozo etsa, o‘zining akkreditatsiya qilinganidan tashqari xodimlari viloyat hokimligida o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish uchun bir martalik akkreditatsiya so‘rab, viloyat hokimligiga rasmiy blankada buyurtmanoma berishlari mumkin.
Buyurtmanomada OAV vakilining (jurnalistning) familiyasi, ismi va otasining ismi, tadbirning nomi, akkreditatsiya vaqti va sanasi ko‘rsatilishi kerak. Biroq ayrim hollarda o‘z faoliyatiga ko‘ra reklama tusiga ega bo‘lgan nashrlarning, tarmoq nashrlarining, shuningdek viloyat hokimligi faoliyatini yoritish bilan shug‘ullanmaydigan nashrlarning akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi buyurtmanomalari rad etilishi ham mumkin.
O‘z faoliyatini tugatgan yoki faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan OAV vakillarining (jurnalistlarining) akkreditatsiyasi bekor qilinadi. Shuningdek, OAV vakili (jurnalist) akkreditatsiya Qoidalarida belgilangan talablarga rioya etmasa yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborot tarqatsa yoxud 12 oy davomida viloyat hokimligi faoliyati haqida OAVda biror marta ham axborot yoritmagan taqdirda, qonun hujjatlariga muvofiq akkreditatsiyadan mahrum qilinishi mumkin. OAV vakili (jurnalist) ishdan bo‘shatilgan yoki uning akkreditatsiyasi chaqirib olingan taqdirda bu xaqda Axborot-tahlil xizmati xabardor qilinishi lozim. Bunda jurnalistning viloyat hokimligi huzuridagi akkreditatsiyasi to‘xtatiladi. Akkreditatsiyasi to‘xtatilgan vakilning (jurnalistning) akkreditatsiya guvohnomasi Axborot-tahlil xizmatiga, kotibiga qaytargach, boshqa jurnalistni akkreditatsiya qilishni so‘rab belgilangan tartibda buyurtmanoma kiritishi mumkin va ushbu buyurtmanoma asosida tahririyat vakili akkreditatsiya qilinadi.
Akkreditatsiya guvohnomasi va chet ellik muxbir guvohnomasining amal qilish muddati tugagan bo‘lsa yoki guvohnomadagi ma’lumotlar almashtirilgan yoki ularga shikast yetgan bo‘lsa yoxud akkreditatsiyadan mahrum etilgan bo‘lsa, viloyat hokimligi binosini qo‘riqlovchi maxsus xizmat xodimlari guvohnomani olib qo‘yishga haqlidirlar.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, akkreditatsiya qilingan OAV vakillari viloyat hokimligi binosida bo‘lishda uning ichki tartib-qoidalariga va ishlarini tashkil etish talablariga rioya qilishi shart. Shuningdek, o‘z kasbiy faoliyatlarini amalga oshirish vaqtida viloyat hokimligi rahbariyati va apparati xodimlarining huquqlari, qonuniy manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari, umume’tirof etilgan jurnalist odobi normalariga rioya etish, gazetxonlar, teletomoshabinlar va radio eshituvchilarni viloyat hokimligi faoliyati to‘g‘risida har tomonlama hamda xolis xabardor qilishlari, viloyat hokimligi binosiga kirish (undan chiqish) vaqtida, shuningdek o‘z kasbiy faoliyatlarini amalga oshirish vaqtida akkreditatsiya guvohnomasini (o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda), chet ellik muxbir guvohnomasini ko‘rsatishlari talab etiladi.
Unutmaslik kerakki, o‘z kasbiy imkoniyatlaridan axborotni yashirish yoki ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni soxtalashtirish maqsadida foydalanmasliklari, to‘g‘ri axborot niqobi ostida mish-mishlar tarqatmasliklari, begona shaxslar yoki ommaviy axborot vositasi hisoblanmagan tashkilotlar uchun axborotlar to‘plamasliklari shart. Akkreditatsiya qilingan OAV vakilini yangi muddatga akkreditatsiya qilish akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddati tugagandan keyin tahririyat tomonidan taqdim etilgan buyurtmanoma asosida o‘tkaziladi.
Tahririyat viloyat hokimligiga akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddati tugashidan bir oy oldin buyurtmanoma berishi kerak. Yangi muddatga akkreditatsiya qilish akkreditatsiya qilingan OAV vakilining oldingi akkreditatsiyasi davridagi benuqson va samarali faoliyatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.