Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Nurafshonda xorijiy investorlar ishtirokida kosmetika mahsulotlari ishlab chiqariladi

ffrkgwvudc3njpbfnriwetb6ocez813nfront.jpg

Mamlakatimizda qulay investitsiya muhitini yaratish, xorijiy investorlarga tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalasiga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.

Natijada xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatimizga bo'lgan qiziqishi ortib, hamkorlikdagi yirik loyihalarni amalga oshirish bo'yicha sa'y-harakatlar ko'lami kengayib bormoqda. Bugun har bir hududda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda turli yo'nalishdagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yo'lga qo'yilgani fikrimizga dalil bo'ladi.  

YAqinda O'zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi ko'magida Niderlandiyaning «Agroo Food Nl LTD» kompaniyasi direktori Toerijalai Ahmadi, Turkiyaning «Oivaa LTD» korxonasi direktori Abdul Kader va Nurafshon shahri hokimi Muzaffar Soliev ishtirokida muzokaralar tashkil etildi. Mazkur tadbirda Nurafshon shahrida xorijiy texnologiyalar asosida mahalliy va xorijiy bozorlar uchun parfyumeriya hamda kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.  

Uchrashuvda shahar hokimi Muzaffar Soliev xorijiy sarmoyadorlarga tumandagi mavjud resurslar, ishlab chiqarish salohiyati, tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida atroflicha ma'lumot berdi. Hududda yaratilgan qulay investitsiya muhiti bois, bugungi kunda Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Eron, Xitoy va boshqa davlatlardan kelgan sarmoyadorlar ishlab chiqarishning turli tarmoqlariga investitsiya kiritgani va ular muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani ta'kidlandi.  

«Oivaa LTD» kompaniyasi direktori Abdul Kader yaqin vaqt davomida o'zining investitsiyaviy loyihasini amalga oshirishni boshlashini ma'lum qildi. Investorning fikricha, loyihani amalga oshirish uchun qulay infrastrukturaga ega bo'lgan 0,5 gektar er maydoni lozim bo'ladi. Loyihaning umumiy qiymati 1 million dollardan 5 million dollargacha bo'lishi mumkin. Korxona ishga tushirilishi natijasida 20 nafarga yaqin mahalliy aholi vakillari uchun yangi ish o'rinlari yaratiladi. Korxona Frantsiya va Turkiya davlatlaridan olib kelinadigan texnologiyalar bilan jihozlanadi.  

O'zaro muloqot natijasida «Oivaa LTD» kompaniyasi rahbarini hududdagi bo'sh joylar bilan tanishtirish va loyihani yaqin kunlarda amalga oshirishni boshlash yuzasidan kelishuvga erishildi.  

«Agroo Food NL LTD» kompaniyasi rahbari Toerijalai Ahmadi mamlakatimizda, xususan, Nurafshon shahrida ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlarning xorijga eksport hajmini kengaytirishga ko'maklashishga tayyor ekanligini ma'lum qildi. Sarmoyador shu maqsadda O'zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi ko'magida Amsterdamda «O'zbekiston savdo uyi»ni ochish ishlari yakunlanganini va uning rasmiy ochilishi marosimi O'zbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligi arafasida bo'lib o'tishini ma'lum qildi.  

«Evropaning yirik shaharlaridan birida o'zbek savdo uyining bo'lishi xorijiy hamkorlarda milliy mahsulotlarga bo'lgan ishonchning ortishi va eksport hajmining kengayishiga xizmat qiladi», dedi Toerijalai Ahmadi.  

Tomonlar O'zbekistonning brend mahsulotlari namunalarini Amsterdamda ochiladigan «O'zbekiston savdo uyi»ga joylashtirish va xorijiy eksportchilar bilan shartnoma tuzish bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'yish yuzasidan kelishuvga erishdi.  

Ta'kidlash joizki, bu kabi loyihalarning amalga oshirilishi aholini ish bilan ta'minlash imkoniyatini yaratadi, yangi nom va brend ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarishning yo'lga qo'yilishi mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo'shadi.