Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Qurbonlik fazilatlari

Allohga qilingan ibodat, yaxshi va solih amallar unga yaqinlashishga va uning roziligini topishga bir vositadir. Ana shu solih amallardan biri bu – qurbonlik sanaladi. Qurbonlik orqali Alloh bandasini o'z molidan voz kecha olish imtihonidan o'tkazadi.

Qurbonlik qilishlik fazilatli va go'zal amallardandir. Qurbonlik boshqa ibodatlar kabi Alloh uchun deyilsa-da, aslida uning yaxshiligi, savobi insonga atalgandir. Bu haqda ushbu oyati karima dalil bo'ladi: "Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham etmas. Lekin U zotga sizlardan taqvo etar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli u zotni ulug'lashlaringiz uchun ularni sizlarga bo'ysundirib qo'ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!" (Xaj surasi, 37-oyat).

Har bir inson Allohning rahmatidan, ajr-savoblaridan umidvor. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Alloh amriga itoatini va taqvosini namoyish etishdir. Hazrati Ali (r.a.) Rasululloh (s.a.v.) dan rivoyat qiladilar: "Kim qurbonlikka jonlik olishi uchun bozorga borsa, Alloh Taolo har bir qadamiga o'nta savob ato etadi, o'nta gunohini kechiradi va martabasini o'n daraja ko'taradi. Jonliqni savdo qilayotganda aytgan so'zlarni tasbeh o'rnida qabul qiladi. U uchun bergan har bir dirxamiga etti yuz dirxamning savobini beradi. Qurbonlikning har qatra qonidan o'nta farishta yaratadi va ular qiyomatgacha uning uchun istig'for aytadilar. Qurbonlik go'shtining har luqmasi uchun Ismoil alayhissalom farzandlaridan bir qulni ozod qilganlik savobini beradi" dedilar.

Qurbonlikning go'shti asli uch qismga bo'linib, bir qismi xomligicha kambag'allarga, yana bir qismi xohishga ko'ra ehson qilib ediriladi, yoki u ham tarqatib yuboriladi. Uchinchi qismi esa xonadon ahllari uchun qoldiriladi. Dovud Alayxissalom: "Yo Parvardigoro, Muhammad (s.a.v.) ummatlaring qilgan qurbonliklari uchun nima ato etgansan?" dedilar. Alloh Taolo xitob qildi: "Yo Dovud, Muhammad (s.a.v.) ummatlaridan qurbonlik qilganlarga qurbonlikning badanidan to'kilgan qoni barobarida o'nta savob ato qilib, o'nta gunohini kechaman. Jannatdagi darajasini yuksaltirib, u erda bir qasr bino qilaman va xurlarni nasib etaman. Yo Dovud, bu qurbonlik qiyomat kuni makrab bo'lib, turli balolarni egasidan qaytaradi".

Qurbonlik uchun so'yiladigan jonliq qanday bo'lishi kerak?

Baro ibn Ozib (r.a.) bu haqida rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.) bunday deganlar: "To'rt xil jonivorni qurbonlik qilish joiz emas: bir ko'zi ko'rligi aniq bilinib turgan, kasalligi aniq bilinib turgan, oqsoqligi aniq bilinib turgan va iligi yo'q bo'lish darajada qarib qolgan hayvonlar".

Alloh o'zining kalomida: "Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizcha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimani ehson qilsangiz albatta, Alloh uni bilguvchidir" (Oli-Imron surasi, 92-oyat) deb marhamat qilgan.

Alloh Taolo barchalarimizni o'zining roziligi yo'lida xolis niyatlar bilan qiladigan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida qabul aylasin. Barchalarimizga Qurbon hayiti muborak bo'lsin!