Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Ikki hokim hududdagi ishlarni rivojlantirish uchun memorandum imzoladi

xe9jvaegz2nah5oqmu4biyflgukidebcfront.jpg

Ohangaron shahri hokimi A.Eshonqulov va Olmazor tumani hokimi A.Mullajonov ikki hudud o‘rtasidagi besh yil muddatga mo‘ljallangan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mas’ullar tomonidan hamkorlikni amalga oshirish mexanizmlari, zarur yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi. Mazkur memorandumda bir qator yo‘nalishlarda ish tashkil qilish belgilangan. Jumladan, sanoatni rivojlantirish, mahallabay ishlash tizimi bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, tadbirkorlikka to‘siq bo‘layotgan va ijtimoiy muammolarni hal etishning chora-tadbirlarini birgalikda ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, kommunal sohada, ko‘p qavatli uylarni saqlash, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha tashkiliy tadbirlar birgalikda ishlab chiqiladi. Kapital qurilish, xususan, ko‘p qavatli uylarni qurish va aholining uy-joy fondiga bo‘lgan talabini qondirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish ham belgilangan.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport sohalarida tizimli ishlar amalga oshiriladi. Hududlarda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olishga qaratilgan tadbirlar tashkil etiladi. Ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashiladi.

Qayd etilganidek, ikki hudud mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda, xavfsiz shahar dasturini birgalikda ishlab chiqish, ijtimoiy ob’ektlarni samarali joylashtirish, tabiiy va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza etish, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida nazorat mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi.

Ohangaron shahar Axborot xizmati