Stop COVID19 Sayt test rejimda ishlamoqda
ISHONCH TELEFONI
(0 371) 200 88 11
YAGONA TELEFON
(0 371) 232 80 63

Aziz yurtdoshlar, qadrli viloyatimiz ahli!

Butun musulmon ummati katta shodu xurramlik ila kutib olayotgan Qurbon hayiti bilan sizlarni, viloyatimizdagi barcha mo'minlarni chin qalbimdan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman. Asrlar davomida el-yurtimizning ma'naviy hayotida beqiyos o'rin egallab, jamiyatimizda o'zaro hurmat, mehr-oqibat va bag'rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlab kelayotgan ushbu qutlug' bayram barchamizga muborak bo'lsin!

Mana shunday shukuhli va saodatli ayyomda hammamiz avvalo Alloh taboraka va taologa beadad shukronalar aytishimiz tabiiydir.
Barchamizga yaxshi ma'lumki, Yurtimizda so'nggi yillarda milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, e'tiqod erkinligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda, turli millat va elatlar o'rtasida totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhiti tobora yuksalib bormoqda.
Butun mamlakatimizda bo'lgani kabi viloyatimizda ham tabarruk qadamjolarni obod qilib, ziyoratgohlarga aylantirish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma'naviy merosini chuqur o'rganish va targ'ib etish borasida boshlagan xayrli ishlarimiz ilmu ma'rifatning qadriga etadigan el-yurtimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan to'liq qo'llab-quvvatlanmoqda.
Viloyatimizdagi mavjud 224 ta jome masjadlarining
87 tasida qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Angren shahrida 5000 o'rinli, Chirchiq shahrida 4000 o'ringa mo'ljallangan yangi jome masjidlari qurilishi boshlandi.

Qadrli do'stlar!
Bu yilgi Hayit ayyomi butun dunyoda bo'lgani kabi yurtimizda, xususan, bizning viloyatimizda ham aholi salomatligiga jiddiy ta'sir ko'rsatayotgan karonavirus pandemiyasi sharoitida o'tayotgani hech birimizga sir emas. Shundan kelib chiqib, O'zbekiston musulmonlari idorasining joriy yilning 16 iyul kuni qabul qilgan Fatvosi ayni damda qabul qilingan eng to'g'ri va maqbul qaror, ekanini, o'ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.
Zotan, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: “O'zingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta Alloh ehson qiluvchilarni xush ko'radir” (Baqara surasi, 195-oyat) .
Bu oyatda mo'min-musulmonlar halokatga sabab bo'ladigan ishlardan tiyilishga buyurilgan.

Ayni shu kunlarda el-yurtimizga xos bo'lgan mehr-muruvvat, ezgulik va saxovat tuyg'ulari yorqin namoyon bo'lishi barchamizga ma'lum. Bu yilgi pandemiya sharoitini inobatga olgan holda, hayit bayramini uyda qolib, oila davrasida nishonlash har tamonlama maqsadga muvofiqdir.

Hurmatli viloyatimiz faollari!
Barchangizni Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman! “Diling – Allohda, qo'ling – mehnatda bo'lsin”, degan olijanob e'tiqod bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon bo'lsin!
Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan xotirjamlik, ahillik, fayzu baraka hech qachon arimasin!
Ezgu intilish va ishlarimizda YAratganning o'zi hamisha madadkor bo'lsin!

Davron Xidoyatov
Toshkent viloyati hokimi